O‘zbekiston Yaponiya kompaniyalarini yangi yo‘nalishlar bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbout xizmati xabar berdi.
Toshkentda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo bo‘yicha ROTOBO uyushmasi prezidenti Masami Iijima hamda unga a’zo kompaniyalar rahbarlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
“Davlat va biznes” formatidagi davra suhbatida qo‘shma loyihalar va savdo-investitsiya hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, yapon tadbirkorlari duch kelayotgan muammolar va ularni hal etish mexanizmlari muhokama qilindi.
“2026-yilgacha O‘zbekistonda 5 GVt quyosh energiyasi va 3 GVt shamol energiyasini o‘z ichiga olgan qo‘shimcha energiya quvvatlarini yaratish rejalashtirilmoqda”, — deya ta’kidladi Jamshid Xo‘jayev.
Bosh vazir o‘rinbosari Yaponiya kompaniyalarini mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini davlat-xususiy sherikligi asosida qurish bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qildi.
Muhim yo‘nalishlar sifatida tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalar belgilab o‘tildi.
IT va innovatsiyalar sohasida Yaponiyaning eng yaxshi kiber, bio va nanotexnologiyalarini transfer qilishga hamda mamlakat innovatsiyalari va ilmiy ishlanmalarini O‘zbekiston infratuzilmasi va kadrlar salohiyati bilan uyg‘unlashtirishga qiziqish bildirildi.
Yaponiyaning “ITOCHU Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Sojitz Corporation”, “Mitsubishi Corporation”, “Mitsui & Co.” kompaniyalari bilan yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rishga o‘zaro tayyorlik fikri bildirildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va erishilgan kelishuvlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Oktabr oyida Navoiy IES" va Yaponiyaning “Mitsubishi Power” kompaniyasi o‘rtasida Navoiy IESda quvvati 650 MVt bo‘lgan uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.