Farg‘onadan Xitoyning Uxan shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Uxan shahar xalq vakillari kengashi raisi Xu Lishan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, ijtimoiy, turizm hamda ta’lim sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, tibbiyot jihozlari, elektotexnika, elektromobillar, kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqarishda ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni tashkil etish belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Farg‘ona va Uxan shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va turizm sohasida Farg‘ona salohiyatini Uxanda targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

aviaqatnov, eksport, farg'ona, logistika markazi, uxan, xitoy

Shuningdek, quyidagilar bo‘icha ish tashkil etishga kelishildi:

  • Farg‘onada yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash;
  • mazkur mahsulotlarning Uxanga eksportini amalga oshirishga mo‘ljallangan logistika markazini tashkil etish;
  • 100ga yaqin oliygoh mavjud bo‘lgan shahar bilan oliy ta’lim sohasida hamkorlik qilish;
  • “Qo‘qon” EIZ hududida tashkil etilayotgan Xitoy sanoat texnoparkida Uxan kompaniyalari loyihalarini joylashtirish va boshqalar.

Uchrashuv yakunida Farg‘ona shahri hamda Uxan shahri o‘rtasida 2024-yilga mo‘ljallangan hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi.

Avvalroq Xitoyning “Chengdu Shiny Technology” hamda “Zhiyuanhui Information Technology” kompaniyalari Farg‘onada “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

“Ruisu” kompaniyasi viloyatda elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarmoqchi. “Luoyang Grasen Power Technology” kompaniyasi esa elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalarni ishlab chiqarish loyihasiga $30 mln jalb qiladi.


“Spot” Quvaytning “Jazeera Airways” aviakompaniyasi Al-Quvayt va Farg‘onani to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘lashi haqida xabar bergandi.