Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish, baholashdan o‘tkazish, boshlang‘ich narxni belgilash, maslahatchilarni jalb etish, savdolarni o‘tkazish jarayonlari tartibga solinmoqda.
Xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini ta’minlash hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.
Amaldagi qonunda aks etmagan elektron-onlayn auksion va birja hamda muzokaralarga ommaviy taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot asosida sotish, korxonani va ko‘chmas mulkni boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish va korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi xususiylashtirishning yangi turlari kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda xususiylashtirish sohasida hukumat, mahalliy davlat hokimiyati va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan me’yorlar kiritilib, unga ko‘ra xususiylashtirish to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotlar va har bir davlat aktivi savdo jarayonlari bosqichlari to‘g‘risida ma’lumotlar Davaktiv agentligi, uning hududiy boshqarmalari, savdo tashkilotchisi va vositachining veb-saytlarida, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat aktivlarini sotishda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, to‘lovlarni amalga oshirish tartibi va shartlari qonun darajasida belgilanib, mulkni balansda saqlovchining javobgarligi kuchaytirilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Avvalroq Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masallari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun muhokama qilingandi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hisobotida IPO va xususiylashtirishning O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish istiqbollariga ijobiy ta’sirini qayd etgandi.