Qozog‘istonning Turkiston viloyatida O‘zbekiston bilan chegaragacha bo‘lgan yangi “Darbaza — Maqtaaral” temir yo‘l liniyasi qurilishi boshlandi. Bu haqda mamlakat hukumatining matbuot xizmati xabar berdi.
Ishlar teleko‘prik rejimida amalga oshirilib, loyiha transport-tranzit salohiyatini rivojlantirishga qaratilgani hamda uning doirasida Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasi orqali yangi nazorat-o‘tkazish punkti ochilishi qayd etilgan.
Yangi temir yo‘l liniyasining qurilishi mavjud Sariag‘ash-Toshkent uchastkasidan yuklarni yangi uchastkaga yo‘naltirish, “Sariag‘ash” stansiyasi yukini kamaytirish va O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha eksport tashish hajmini oshirish imkonini beradi.
Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil oxirigacha O‘zbekiston ishtirokidagi yuk tashish hajmi qariyb 31 mln tonnani tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 16%ga oshishi mumkin.
“Darbaza — Maqtaaral” temir yo‘l liniyasining qurilishi ikki bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda O‘zbekiston chegarasi — “Sirdaryo” stansiyasiga olib boruvchi “Erdaut — Maqtaaral” liniyasi qurilishi ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi bosqichda O‘zbekiston chegarasining “Jetisay” tarmog‘i foydalanishga topshiriladi. 2023−2025 yillarda jami 152,3 km temir yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha uchun 19,7 ming tonna rels hamda 280 ming temir-beton shpal va relsli mahkamlagichlar xarid qilinadi.
Avvalroq Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada yuk tashish hajmini oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berildi. “Sariag‘ash” chegara punktida yuk ortib borayotgani, bu esa magistral tarmoqning o‘tkazish qobiliyatini pasaytirayotganini ta’kidlangandi.