Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Unda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik va sheriklikni kengaytirish, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari, O‘zbekiston iqtisodiyotiga, asosan “yashil” energetika sohasiga Saudiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi, aviaqatnovlar soni ortmoqda.
Saudiya taraqqiyot fondi ko‘magida sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va boshqa yo‘nalishlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma fond tashkil etilmoqda.
Tashrif doirasida kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, IT va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida $12 mlrdlik o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Mamlakatning turli hududlaridagi yirik energetika loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, transport infratuzilmasi va kommunal xo‘jaligi, geologiya, irrigatsiya, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, oliy ta’lim, mehnat migratsiyasi bo‘yicha umumiy qiymati $11 mlrdlik yangi loyiha va dasturlarni ilgari surishga kelishildi.
O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirishda eng katta sarmoyador va strategik hamkor bo‘lgan “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlik qayd etildi. Bugungi kunda kompaniya bilan birgalikda qiymati $7,5 mlrdlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezident Sirdaryo viloyatida 1,5 gigavatt quvvatli issiqlik elektr stansiyasining faoliyati hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod"ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ishlari boshlanayotganini olqishladi.
Vazir Holid al-Falix O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va har tomonlama ko‘magi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Avvalroq “ACWA Power” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgandi. Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish rejalashtirilmoqda.
Mamlakatning “Vision invest” kompaniyasi Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasini ochadi. Saudiyalik tadbirkor Yusuf Turkistoniy Farg‘ona vodiysida “Arablar shaharchasi” nomi ostida turistik dam olish maskanini barpo etadi.
Joriy yilning avgustida Saudiya Arabistoni o‘zbekistonliklarga elektron viza berishni yo‘lga qo‘ydi. U bilan yil davomida “Umra” hamda mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin bo‘lib, amal qilish muddati 90 kunni tashkil qiladi.
2022-yilning avgustida Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida umumiy qiymati $14 mlrddan ortiq bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.