O‘zbekistonda haydovchilar tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish belgilanmoqda.
28-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi sabab Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Unda ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik natijasida yo‘l-transport hodisalari soni ortib borayotgani ta’kidlandi. Jumladan, transport vositasini mast holatda boshqarish bilan haydovchi o‘zining harakatini anglay olmasligi oqibatida og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etganlarga jazo muqarrarligini ta’minlash, avtomobilni boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxs tomonidan transport vositasini takroran boshqarish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, avtomobil haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish belgilanmoqda.
Mazkur norma bilan hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshsa, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tarzida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Unga muvofiq, haydovchi bir yil davomida yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq huquqbuzurliklarni sodir etish yo‘li bilan belgilangan miqdordagi jarima ballarini to‘plagan taqdirda unga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bilan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini sudlar tomonidan qo‘llanishini inobatga olib, qoidabuzarliklar bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganlik uchun ma’muriy jazosini jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llash tartibi taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida ishlaydigan transport vositalar bilan bog‘liq hodisalar bo‘yicha alohida moddalar bilan ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
2022-yilning dekabridan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab borilib, belgilangan miqdordan oshganda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
Avvalroq avtomobil boshqarishga elektron ishonchnoma berish nizomi tasdiqlangandi.