Oktabr oyida O‘zbekistondan Xitoyga gaz yetkazib berish hajmi biroz oshdi, deya xabar beradi Xitoy bojxona bosh boshqarmasi.
O‘tgan oy davomida ko‘k yoqilg‘i eksportidan tushum $42,24 mlnni tashkil etib, ko‘rsatkich sentabr oyiga nisbatan 1,5%ga yuqori bo‘lgan. Biroq, bu yoz oylari darajasidan sezilarli darajada pastligicha qolmoqda va qo‘shni Qozog‘iston eksporti O‘zbekistondan uch baravar ko‘proq oshib ketdi — $131,3 mln.
Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni Turkmaniston saqlab qolmoqda hamda oktabr oyida $666,1 mlnlik gaz eksport qilingan. Undan keyingi o‘rinda $386 mln bilan Rossiya turibdi. Shuningdek Myanma ham $113,3 mln bilan kuchli beshlikka kirgan.
Yil boshidan buyon Xitoy O‘zbekistondan bor-yo‘g‘i sakkiz oy davomida gaz qabul qilgan va bu jami $454,4 mlnni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat oxirgi o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning yanvar-oktabr oylarida yetkazib berish hajmi $916,7 mlnni tashkil etgan.
O‘tgan davrda quvurlar orqali eng yirik ko‘k yoqilg‘i yetkazib beruvchi Turkmaniston bo‘lib, uning jami yetkazib berish hajmi $8,07 mlrdni tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Rossiya ($5,36 mlrd), uchinchi o‘rinda Myanma ($1,23 mlrd) bo‘lgan. Qozog‘iston Xitoyga $1,08 mlrdlik gaz eksport qildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning o‘zi ham gaz importchisi maqomini mustahkamlamoqda. Sentabr oyida Turkmanistondan yoqilg‘i yetkazib berish keskin oshdi, oktabr oyida esa Rossiyadan Qozog‘iston orqali “Markaziy Osiyo — Markaz” quvuri orqali gaz eksporti boshlandi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston gazni xomashyo sifatida eksport qilishni to‘xtatishini bir necha bor aytgandi. M25 koni yaqinidagi Surxon gaz-kimyo majmuasi qurilish maydoniga tashrifi davomida gazni qayta ishlashdan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarga aylantirish asosiy maqsad bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.