Rossiya banki O‘zbekistonga tezkor to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Rossiya Markaziy banki milliy to‘lov tizimi departamenti direktori Alla Bakinaga asoslanib, “Izvestiya” nashri xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan beshta davlatga tezkor to‘lov tizimi jo‘natmalari yo‘lga qo‘yilgan. O‘tkazmalarni amalga oshirish uchun integratsiya yechimlari butun infratuzilma va alohida banklar darajasida mavjud.

Hozirgi vaqtda tezkor to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazmalari “VTB” va “Alfa Bank” foydalanuvchilari uchun mavjud. Masalan, O‘zbekiston, Belarus, Qirg‘iziston va Tojikistonga mablag‘ o‘tkazish mumkin.

Bakinaning ta’kidlashicha, Rossiyaga faqat bitta mamlakatdan qarama-qarshi yo‘nalishdagi transferlar ishlaydi.

Avgust oyida tezkor to‘lov tizimiga ulangan xorijiy moliya tashkilotlari soni 14tani tashkil etdi. Sentabr oyi oxiriga kelib ularning soni 37ta xorijiy bankka yetdi, dedi Milliy to‘lov kartalari tizimi rahbari Vladimir Komlev.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi yana uchta Rossiya banki uchun SWIFT o‘tkazmalarini taqiqlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Hozirda mamlakatning o‘nta banki, jumladan, eng yiriklari ham “SWIFT” tizimidan uzilgan. Bular, “Sberbank”, “VTB”, Moskva kredit banki, “Rosselxozbank”, “Otkritie banki”, “Rossiya banki”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank”, “Novikombank” va “VEB.RF”.

Tezkor to‘lov tizimi — mobil telefon raqamidan foydalangan holda banklararo pul o‘tkazmalarini amalga oshirish xizmatidir. Tizim Rossiya Banki va Milliy to‘lov kartalari tizimi tomonidan ishlab chiqilgan.


Avvalroq “Spot” Turkiyaning “Turan” to‘lov xizmati O‘zbekiston bozoriga qachon kirishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.

Hozirda xizmat Ozarbayjonda ish boshlagan. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida xizmatni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirmoqda.