Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar pensiya tayinlash jarayonida inson omilini kamaytirish, keksa yoshdagilarga davlat xizmati ko‘rsatilishi sifatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Unga ko‘ra, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalardan kelib chiqib, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi va “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.
Pensiyalarning eng kam miqdori belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, fuqarolarga Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish belgilanmoqda.
Mazkur imkoniyatlar bilan yiliga 300 mingta fuqaroga uyidan chiqmagan holda, onlayn yoki o‘ziga qulay bo‘lgan DXM orqali pensiya tayinlanishi uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilishini aholining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shuningdek, IT sohasini keng joriy etish orqali pensiya tayinlangan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga o‘zlarining jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varaqlarida yig‘ilgan mablag‘larini olishlariga qulaylik yaratiladi.
Muhokamalar davomida loyihani takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha asosli takliflar bildirildi hamda yakunda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Sentabr oyida har yili davlat pensiyalari miqdorini inflyatsiya darajasida qayta hisoblash, oshirib borish tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Noyabr oyi boshida aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan 2024-yildan fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda DXM yoki Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilishi belgilangan.
Joriy yilning 1-dekabridan mamlakatda ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshiriladi. BHM 3% miqdorida o‘zgarib, 340 ming so‘m etib belgilanmoqda. Bungacha BHM 330 ming so‘mni tashkil etardi.