28-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Oxirgi olti yilda mamlakat farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish 3 barobar, eksport 6 barobar ko‘paygan. $525 mlnlik 177ta loyiha ishga tushib, jami 50 mingta ish o‘rni yaratilgan.
Bu hali mavjud imkoniyat va talab darajasida emasligi ta’kidlandi. Masalan, yiliga $1,6 mlrdlik dori-darmon iste’mol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarning ulushi bor-yo‘g‘i 18%, qolgani import hisobidan qoplanmoqda.
Shu bois yig‘ilishda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Prezident sohaga katta ko‘mak va mablag‘ berilib, farmatsevtika zonalari tashkil etilgani lekin bundan to‘la foydalanilmayotganini qayd etdi.
“Mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlari xaridorgirligini ta’minlash kerak. Buning zamirida qancha ish o‘rni, qancha odamlarning roziligi bor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada xorij tajribasini o‘rganish, mashhur brendlarni mamlakatga jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 turdagi dorini O‘zbekistonda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35%ga yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Tashkent Rharma Park” klasteri qurilishini tezlashtirish, unga xususiy sherikni jalb etish zarurligi aytildi. Shuningdek, farmatsevtika korxonalariga “GMP” xalqaro standartiga o‘tish va markirovkalash tizimini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashiladi.
Umuman, bu sohada $1,5 mlrdlik 173ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularni moliyalashtirish uchun $600 mln yo‘naltiriladi.
Mutasaddilar bularning natijasida 2024-yilda $400 mlnlik mahsulot ishlab chiqarilishi, $160 mlnlik eksport ta’minlanishi bo‘yicha axborot berdi.
Yig‘ilishda elektrotexnika sanoatiga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi. Olti yilda sohada $640 mlnlik 224ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil yakunida eksport $1 mlrdga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatga yiliga $800 mlnlik elektrotexnika tovarlari import qilinmoqda. Mintaqada $3 mlrdlik bozor mavjudligi ta’kidlandi.
Bunda munosib o‘rin egallash uchun nufuzli brendlar bilan hamkorlik o‘rnatib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Kelgusi yilga mo‘ljallangan $2 mlrdlik 141ta loyihada bunga alohida e’tibor qaratiladi.
Joriy yilda 2 gigavatt, 2024-yilda yana 4 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga juda ko‘p kabel, generator, invertor, transformatorlar zarur. Bu mahsulotlarni mahalliylashtirib, xalqaro sifat sertifikatlari olish vazifasi qo‘yildi.
Sohada texnologiya, innovatsiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun $100 mln yo‘naltirilishi belgilandi.
Mutasaddilar kelgusi yilda ishlab chiqarishni 20%ga oshirish, misni qayta ishlash hajmini 140 ming tonnaga olib chiqish rejalarini bayon etdi. Shuningdek, eksportni $1,5 mlrdga, 2025-yilda $2 mlrdga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Yig‘ilishda mazkur tarmoqlardagi muammo va vazifalar yuzasidan viloyat hokimlari va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.
Oktabr oyida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish muddati uzaytirilgandi. Kelasi yildan bu turdagi mahsulotlarini 10 yilgacha muddatga sotib olish mumkin bo‘ladi.