Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan 751 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Xususan, yanvar-oktabr oylarida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 20 543ta yuridik shaxs tomonidan 751,6 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Shundan 141,8 mlrd so‘mi, ya’ni 18,9%i Top-20ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 1,6 trln so‘mdan oshgan, qo‘llagan soliq imtiyozlari miqdori esa 21,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.
O‘tgan davrda eng yirik soliq to‘lovchi umumiy ovqatlanish korxonasi “International Foodchain” — “KFC” bo‘ldi.
Korxonaning tovar aylanmasi 475,5 mlrd so‘mni, to‘langan soliqlari esa 52,6 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, 6,7 mlrd so‘m miqdorida soliq imtiyozlari qo‘llanilgan.
Undan keyin kuchli uchlikni “Mak Food Servis” (Evos) hamda “Euro Asia Lider Service” korxonalari egalladi.
O‘n oyda “Evos"ning tovar aylanmasi 489,1 mlrd so‘mni tashkil qilib, 32,5 mlrd so‘m soliq to‘langan. Imtiyozlar esa 7,6 mlrd so‘m bo‘lgan.
Shuningdek, “Euro Asia Lider Service” korxonasining tovar aylanmasi 196,8 mlrd so‘mni, to‘langan soliqlar esa 13,6 mlrd so‘mni tashkil etgan holda, 3,1 mlrd so‘m soliq imtiyozlari qo‘llanilgan.