Xalqaro moliya korporatsiyasi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga moliyaviy paket taqdim etadi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berilgan.

Moliyalashtirish miqdori $25 mlnni tashkil qilib, ushbu mablag‘lar hisobidan “Korzinka” o‘z ishtirokini geografik jihatdan kengaytirish uchun “yashil” taqsimlash-tarqatuv markazini qurishni rejalashtirmoqda.

Qolaversa, bu mablag‘lar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati rivojiga ham ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Jarayon chiqindilarni kamaytirish, ekologik toza materiallarni ishlatish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni o‘z ichiga oladi.

Qurilish ishlarini boshlash 2024-yilga mo‘ljallangan. Birinchi bosqich yakuni esa 2025-yilga to‘g‘ri keladi.

Tashkilot, shuningdek, “Korzinka"ga global yashil qurilish (EDGE) va ish joyida gender tengligi (Gender EDGE) sertifikatlarini olishda ko‘maklashadi. Bundan tashqari, XMK ekspertlari oziq-ovqat sifati standartlarini yaxshilashga yordam beradi.

“Qariyb 30 yil davomida mijozlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bizning ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib kelgan. IFCtomonidan moliyalashtirish bizga ushbu jarayonni takomillashtirish va murakkab tashqi sharoitda butun mamlakat bo‘ylab xizmatlar turlarini kengaytirish imkonini beradi. Shartnoma, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va teng ravishda, barcha xodimlarimiz uchun mehnat sharoitlarini yaxshilashga yordam beradi”, — deb ta’kidladi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi va Kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov.

2020-yilda “Korzinka” YeTTBdan 2025-yilgacha o‘z tarmog‘ini 140 ta chakana savdo nuqtalariga kengaytirish maqsadida $40 mln sarmoya oldi. Kompaniya veb-saytida ta’kidlanishicha, hozirda mamlakatda uning brendi ostida 135 ta do‘kon mavjud.

2021-yilda esa Osiyo taraqqiyot banki “Korzinka” uchun $12 mln ajratdi. Bu mablag‘ chakana sotuvchiga likvidlik va aylanma mablag‘larini oshirish, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq barcha operatsion xarajatlarni qoplash imkonini beradi.


Avvalroq “Spot” Niderlandiyaning “Spar” supermarketlar tarmog‘i “Korzinka” orqali O‘zbekiston bozoriga kirishi haqida yozgandi.

Riteyler “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i orqali faoliyat olib borishi hamda birinchi do‘konlari kelasi yilning o‘rtalarida ochilishi rejalashtirgan.