O‘zbekiston va Rossiya atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachevga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi ish jarayonlarini sekinlashtirdi, ammo stansiya qurilishi bo‘yicha shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda.
“2019-yilda biz barcha asosiy qarorlarga erishdik. <...> Pandemiya ko‘p jarayonlarni to‘xtatdi, lekin men O‘zbekiston loyihasini to‘xtatilgan loyiha deb ayta olmayman. <...> Atom elektr stansiyasini qurish borasidagi shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda”, — dedi Lixachev.
“Rostatom” bosh direktorining qo‘shimcha qilishicha, energetika loyihasini ishlab chiqish davom etmoqda, O‘zbekiston tomoniga kam quvvatli energiya bloklari va kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha takliflar kiritilgan.
“Shartnoma ustida ishlash ancha qizg‘in davom etmoqda va menimcha, umuman olganda, shartnoma imzolashdan unchalik uzoqda emasmiz”, — dedi u.
2018-yilda O‘zbekiston va Rossiya atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Erishilgan kelishuv shartlariga ko‘ra, “Rostatom” har biri 1,2 GVt quvvatga ega ikkita blokni quradi. Maydon Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li bo‘yida joylashgan.
Qurilish taxminan 6 yil davom etadi. O‘zbekiston elektr defitsitini qoplash va gazni tejash uchun atom elektr stansiyalaridan foydalanishga umid qilmoqda. Mamlakat uran ishlab chiqaruvchi 5ta davlatdan biri bo‘lganligi sababli, loyiha uchun yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar kutilmaydi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “ACWA Power” kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan ikkita loyihaga start bergandi.