London sudi “Sony” kompaniyasiga nisbatan “PlayStation” do‘konidagi o‘yinlar narxini oshirib yuborganligi haqidagi jamoaviy da’voni ko‘rib chiqishga rozi bo‘ldi, deb yozadi “Reuters” nashri.

Qayd etilishicha, foydalanuvchilar kompaniyadan $7,9 mlrd miqdorida tovon puli talab qilmoqda.

2022-yilda Buyuk Britaniyaning qariyb 9 mln aholisi “Sony” kompaniyasini “PlayStation” do‘koni orqali o‘yinlarni yuqori narxlarda sotishda ayblab, sudga murojaat qildi.

Iste’molchilar huquqlari himoyachisi Aleks Nil foydalanuvchilar nomidan so‘zga chiqdi va $6,23 mlrd va foizlar talab qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya raqamli o‘yinlar va qo‘shimcha kontentni faqat “PlayStation” do‘koni orqali sotishni talab qilgan, bu esa ishlab chiquvchilar va noshirlardan 30% komissiya oladi.

“Sony” advokatlarining ta’kidlashicha, bu ish boshidan oxirigacha o‘ylab topilgan va uni yopish kerak. Ammo sud qaroriga binoan ish davom etadi.

Biroq, 2022-yilda da’vo arizasini topshirgandan so‘ng “PlayStation"da xarid qilgan odamlar sudda ishtirok eta olmaydi. Shu sababli, ishni ilgari surishda da’vogarlar yetarli bo‘lmasligi mumkin.


Avvalroq “Spot” “Google” qariyb $400 mln jarima to‘lashi haqida yozgandi.

Bunga kompaniyaning foydalanuvchilar joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni ular rad etganidan keyin ham to‘plaganligi sabab bo‘lgan.