Gozzal Genjebayeva 1998-yili Nukus shahrida tavallud topgan. 2018-yilda Qoraqalpoq davlat universiteti rus tili filologiyasi fakultetining bakalavr bosqichini tamomlagan. Hozirda Chexiyaning Brno shahridagi Masarik universiteti magistranti.


Ta’limni xorij bilan bog‘lar edim

Aslida men Qoraqalpoq davlat universitetiga topshirmasimdan avval o‘zimni chet el universitetlarida o‘qisam kerak deb tasavvur qilardim. Chunki hayolimga doimo tarixiy shaharlar va boshqacha uslubda qurilgan binolar kelardi.

Dastlab Rossiyaga o‘qishga topshirish fikri bo‘lgan, ammo u payt yoshim 17da bo‘lgani sabab biroz xavotirlanib, Nukusda qolishni ma’qul ko‘rganman.

O‘qib yurgan paytlarimda turmush o‘rtog‘im bilan internetda tanishganman va gaplashib yurganmiz. U paytda u Chexiyada til kursida o‘qib yurgan edi.

O‘sha vaqt oralig‘ida u menga Chexiyaga borishimni yoki magistraturasiga topshirishimni taklif qilardi. Meni soham rus tili bo‘lgani uchun u yerda rus tili fakultetini topa olmaganman. Agar o‘qimoqchi bo‘lsam ingliz tilini o‘rganishim kerak bo‘lgan.

Shundan so‘ng u “turist sifatida bir marta kelib ko‘r, senga albatta yoqib qoladi va motivatsiya bo‘lishi ham mumkin”, degandi. Shu bilan hamma hujjatlarimni yig‘ib, Toshkentdagi elchixonaga vizaga topshirdim, ammo menga rad javobi keldi.

So‘ngra turistik agentliklar orqali borishga qaror qilganman. Lekin ular ham qiz bola bo‘lganim uchun yolg‘iz o‘zim bora olmasligim, yonimda ota-onam yoki turmush o‘rtog‘im bo‘lishi kerakligini aytgan. Shunda Chexiyaga aniq bir maqsading bo‘lmasa ketish qiyinligini bilganman va hafsalam pir bo‘lib, taqdir emas ekanda deb qo‘ygandim.

Biroz o‘tgach, 2019-yil turmush o‘rtog‘im O‘zbekistonga qaytdi va bir yildan keyin to‘yimiz bo‘ldi. Shundan so‘ng birinchi turmush o‘rtog‘im, so‘ngra 3 oydan so‘ng men ham Chexiyaga jo‘nab ketdik.

chexiya, xorijda ta'lim

Foto: Gozzal Genjebaevaning shaxsiy arxividan

Viza olish jarayoni haqida

Chexiyaga uch xil viza olib ketish mumkin. Birinchisi, turist sifatida. Buni siz viza olish markazidan olsangiz bo‘ladi. Kerakli hujjatlardan biri chet elga chiqish pasporti. Undan keyin esa yetib borganingizda qayerda yashash joyingiz yoki mehmonxona ko‘rsatilishi shart. Shuningdek, elchixona saytidan olib anketa ham to‘ldirasiz. Rasmga tushish ham viza uchun alohida bo‘ladi.

Turistlik vizasini olmoqchi bo‘lganlar harakatini uch oy avval boshlagani yaxshi, chunki o‘sha vaqt oralig‘ida kerakli hujjatlarni yig‘asiz. Tayyor bo‘lganidan keyin esa elchixonadagilar ikki hafta ichida hujjatlaringizni ko‘rib chiqishadi.

Turistlarga asosan qisqa muddatli viza berishadi, chunki ularga 90 kungacha ruxsat berilgan.

Ikkinchisi, o‘qish uchun talaba sifatida borish. Bu Chexiyaga kelishning eng yaxshi yo‘li, deb o‘ylayman, chunki maqsadingiz bo‘lgani sabab viza olish jarayoni tez bo‘ladi.

Talabalar vizaga hujjat topshirishda eng kerak bo‘ladigani universitet tomonidan o‘qishga qabul qilingani haqidagi hujjati hisoblanadi. Kerakli hamma narsani yig‘ib bo‘lgandan keyin hujjatlar bir oy ichida ko‘rib chiqiladi.

Uchinchisi — ishlash uchun. Ya’ni siz oddiy ishchi bo‘lib emas, o‘zingizning sohangiz bo‘yicha yaxshi mutaxassis bo‘lsangiz viza olishingiz oson bo‘ladi. Masalan, IT-sohasi bo‘yicha dasturchi, muhandis yoki arxitektor.

Viza tez chiqishining sababi ular chet eldan kelgan xodimlarni ishga olishni istashadi. Shu sababdan ham vizani ishga olmoqchi bo‘lgan kompaniyalarning o‘zlari hal qilib berishadi. Hujjatlar 3 oydan 6 oygacha ko‘rib chiqiladi.

Men oilaviy yashashga ketayotganim sabab turmush o‘rtog‘imning ishi va oyligini ko‘rsatishim kerak bo‘lgan. Intervyuga esa hujjatlarimni topshirganimdan ikki oy o‘tgach chaqirishgan. U paytda mendan nikohimiz rostmi yoki faqat viza olish uchunmi shuni tekshirmoqchi bo‘lib, to‘y qachon bo‘lgani, qancha odam kelgani kabi savollarni berishgan. Suhbat 2 soat davom etgan.

Meni holatimda hujjatlar 1−3 oy davomida ko‘rib chiqiladi. Va men 5 yilga mo‘ljallangan uzoq muddatli shengen vizasiga topshirgandim. Bu viza bilan ko‘p davlatlarga borish mumkin.

chexiya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

O‘qishga topshirish

Universitetga hujjatlarimni 2022-yilning mart oyida topshirganman. Kirish uchun imtihon esa mayda bo‘lgandi.

O‘sha vaqtda men rus tiliga ko‘p odam topshirmasa kerak deb o‘ylagandim. Ammo taxminan 35ga yaqin odam topshirgan bo‘lib, shundan 12ta odam qabul qilinganmiz.

Chexiyada yo‘nalishingiz to‘g‘ri kelsa bir nechta joylarga topshirishingiz mumkin. Men yo‘nalishim hamma universitetlarda yo‘qligi sabab faqat ikki fakultetga topshirganman. Imtihon esa yozma shaklda bo‘lgandi.

Chex tilini o‘rganish. Soham filologiya bo‘lgani uchun chex tilini o‘rganish unchalik qiyin bo‘lmagan. Dastlab internetdan o‘rganishni boshlaganman. Undan keyin esa bir oy “chet elliklar uchun chex tili” kursiga ham qatnaganman.

Shuningdek, bu tilni tez o‘zlashtirishimda chex tilidagi gazetalarni o‘qishim va nimadir sotib olmoqchi bo‘lsam qog‘ozdagi so‘zlarni tarjima qilib yurganligim sababchi bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Bu tilni 6 oyda til kursida o‘qib o‘rgansa bo‘ladi. Chexiyada siz chet ellik bo‘lib turib chex tilida gapirsangiz juda ham hurmat qilishadi.

Meni tashqi ko‘rinishim Osiyolik bo‘lgani uchun hammasi ingliz tilida murojaat qilardi, lekin men ularga chex tilida javob qaytarganimda hayron qolishgandi.

Ta’lim sohasi haqida. Chexiyada siz chex tilida o‘qisangiz hamma universitetlar va yo‘nalishlar bepul. Lekin ingliz tilida o‘qiydiganlar uchun pulli. Kontrakt puli O‘zbekistonniki bilan bir xil. Bu pulni talabalar bemalol ishlab topsa bo‘ladi.

O‘qish bakalavrlar uchun 3 yil, magistratura uchun esa ikki yil. Men o‘qiyotgan Masarik universiteti Top 600talik universitetlar qatoriga kiradi.

O‘zim Chexiyaga borganimdam keyin magistraturada o‘qishni boshlaganman va universitetning rus tili va adabiyoti pedagogikasi fakultetiga o‘qishga topshirganman.

Universitetda o‘qish ma’ruza, seminar va amaliyotdan iborat. Ma’ruza paytida talabalar o‘tilayotgan mavzularni universitet platformasi orqali onlayn ko‘rishsa bo‘ladi. Seminar darslari ham erkin.

chexiya, xorijda ta'lim

Masarik university. Foto: shaxsiy arxiv

Siz o‘qishga kelmasligingiz ham mumkin. Ya’ni ularda talabalarning shaxsiy o‘z ustida ishlashiga ruxsat berilgan. Lekin qoldirgan darslaringizni yakuniy imtihon vaqtida o‘zlashtirib kelishingiz kerak bo‘ladi.

Darslar haftasiga ikki martadan bo‘lardi. Vaqtini talabalar o’zlariga qulay vaqtga tanlashi mumkin. Istasangiz bir kuni ertalabdan kechgacha darslarda qatnashib boshqa kunlari dam olsangiz ham bo‘ladi.

Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar. Bu yerda talabalar uchun juda ko‘p imkoniyatlar yaratilgan.

Ya’ni ular o‘zi istagan fakultet darslariga bemalol qatnashishlari mumkin. Hatto boshqa universitetlarda ham. Lekin buni o‘quv yili boshida aniqlashtirib olish kerak. Agarda talabani o‘zi ulgursa uch universitetda ham o‘qisa bo‘ladi.

Shuningdek, siz ushbu fanlardan yakuniy imtihon topshirsangiz diplomingizga ushbu fanlar bo‘yicha kurslarni tugatganingiz haqida yozib ham berishadi. Bu soha bo‘yicha keyinchalik ishlashingiz ham mumkin.

Chexiyada talabalarning puli kam bo‘lsa ham bemalol sayohat qilishlari mumkin — ularda yo‘l haqi to‘lash uchun 50−60% chegirmalar bor. Ular bilan boshqa davlatlarga ham borib kelishsa bo‘ladi.

ISIC degan xalqaro karta bor. U bilan hamma narsani chegirmaga olish mumkin. Hattoki notbuk, telefonni ham. Bundan tashqari talaba hamma fanini (85%ini) yuqari baho — “A"ga yopsa bir martalik $500 pul mukofoti beriladi.

Foto: shaxsiy arxiv

Сhexiyada yashash uchun qancha pul sarflanadi?

Chexiyada eng katta pul asosan kvartiraga sarflanadi. U yerda kvartira-studiya juda ham yaxshi rivojlangan. Unda yashash uchun qulay imkoniyatlar va ish joyingiz ham bo‘ladi.

Boshqa davlatlardan farqli tomoni bu yerda uyning hammasini ijaraga olish katta mablag‘ni talab qiladi. Shu sababdan ko‘pchilik faqat xonalarini oladi. Ya’ni bir uyda 3 xona bo‘lsa, har xonada har xil odam yashaydi.

Narxlar esa qaysi hududda joylashganiga qarab turlicha. Praga, Brnoda boshqalariga nisbatdan biroz qimmatroq. Narxlar o‘rtacha 200$dan 550$gacha bo‘lishi mumkin, deb ayta olaman. Talabalar yotoqxonada yashashni ma’qul ko‘rishadi. Bu $150−200 atrofida bo‘ladi.

Oziq-ovqatlar unchalik qimmat emas. Bir oyda bir odamga $100 yetadi. Kiyimlarini esa sifati juda ham yuqori, lekin narxi O‘zbekistonniki bilan bir xil.

Chexiya haqida

Chexiyada insoniylik faktorlari birinchi o‘rinda. Ya’ni odamlari hamisha o‘zlarining xohishiga qarab ish yuritadi. Hech qanday bosim yo‘q. Kayfiyati bo‘lmasa ba’zi paytlari ishlamaydi ham.

Ular uchun oilasi birinchi o‘rinda. Birgalikda yovvoyi tabiatdan bahramand bo‘lib, tog‘larga aylanishga chiqishadi, chodirlar qurib dam olishadi.

Chexlar bilan suhbatlashish juda ham maroqli. Chunki qiziqishlari, xobbilari juda ham ko‘p. Asosan tabiat, kitoblar haqida gaplashishni ma’qul ko‘rishadi.

Hayron qoldirgan narsalar. Bu yerda meni hayron qoldirgan narsalar juda ham ko‘p. Eng asosiysi — odamlari kamtar. Ular qanchalik boy, katta muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa ham o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishmaydi.

Shuningdek, o‘zlariga yoqmagan narsalarga “yo‘q” deya javob bera olishadi, ya’ni o‘zlariga komfort-zona yaratib o‘rganishgan.

Aholisi bizga o‘xshab dang‘illama katta uylar qurmaydi, ko‘pincha o‘zlariga qulay bo‘lgan kichik 1−2 xonali uylarda yashashadi. Ishda ham rahbarlar bilan aloqa do‘stona. Ish faoliyatida esa erkinlik.

chexiya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Shuningdek, meni yana bir ajablantirgan narsa ishchilar o‘z uylarida ham onlayn ishlashi mumkin. Buning uchun unga stol, kompyuter, telefon — xullas, kerakli narsalarini olib kelib berishadi.

Bozorlari ham unchalik ko‘p emas. Ammo supermarketlari juda ham ko‘p. Raqobat kuchli bo‘lgani sabab katta gipermarketlar biri-biridan o‘tkazib chegirmalar qilishadi.

Chexiya haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni YouTube’dagi kanalimda ham joylab boraman.

Transportlari. Chexiya jamoat transportlari juda ham yaxshi rivojlangan. Ayniqsa tramvaylari. Shu sababdan ham Pragani tramvaylar shahri deb nomlashadi. Ularni kelish vaqti aniq bo‘lgani sabab, vaqtingizni bemalol rejalashtirib chiqishingiz mumkin. Ya’ni har 5 daqiqada harakatlanib turadi.

Tramvay va avtobuslarda 20 daqiqalik yo‘l 1 yevro, lekin shu vaqt oralig‘ida siz o‘z manzilingizga yetib olasiz.

Jamoat transportlari orqali shaharning chekka joylariga ham borish mumkin. Masalan, dam olish uchun uzoqdagi ko‘l yoki o‘rmonlarga ham. Transport sistemasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani sabab odamlari shaxsiy mashinasi bo‘lsa ham jamoat transportlaridan ko‘p foydalanishadi.

Yana bir narsa — bu yerda jamoat transportlarida ota-ona 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarini olib yursa ular uchun foydalanish bepul.

Gazeta, kitob, jurnal o‘qish. Chexiyada ijtimoiy tarmoqlar yaxshi rivojlanmagan va odamlari ham vaqtini internetda o‘tkazishni istamaydi. Aksincha, bo‘sh vaqti bo‘lsa gazeta, kitoblar o‘qishni maqul ko‘rishadi.

Shu sababdan ham ularda kitob sovg‘a qilish, o‘qish madaniyati juda ham yaxshi rivojlangan. Universitetimizning har bir fakultetida alohida kutubxonalar bor.

Shuningdek, pochta sistemasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ertalab gazeta, jurnallarni o‘sha yerga solib ketishadi. Jamoat transportlarida ham bepul jurnallardan foydalanish mumkin.

Nimaga tayyor bo‘lish kerak?

Agarda siz chet elga chiqmoqchi bo‘lsangiz avval o‘sha davlat haqida internetdan yaxshilab o‘qib, tanishib olishingiz kerak. Yetib borgandan keyin esa hujjatlaringizga juda ham ehtiyot bo‘lish shart.

Nimagadir qo‘l qo‘ymoqchi bo‘lsangiz yaxshilab tanishib chiqing. Mabodo tilini tushunmayotgan bo‘lsangiz tarjimondan foydalaning.

Yana bir narsa — kelishdan avval chet tillarini yaxshilab o‘rganib kelganingiz yaxshi, chunki odamlar bilan muloqat qilishda qiynalasiz. Agarda yaxshi bilsangiz chet ellik odamlar bilan tanishib, ko‘p narsalar o‘rganasiz.

Bundan tashqari mahalliy odamlar bilan tanishib, suhbatlashishni ham maslahat bergan bo‘lardim. Sababi, ulardan ko‘p narsa o‘rganish mumkin.