Toshkentdan Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumaniga yo‘lovchi poyezd harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 82/81-sonli Toshkent — Sariosiyo — Toshkent yo‘nalishida alohida yo‘lovchi poyezdi joriy yilning 10-dekabridan harakatni amalga oshiradi.

Harakat jadvali quyidagicha:

82-sonli “Toshkent — Sariosiyo” yo‘nalishi:

  • Toshkent ketish — 21:40;
  • Sariosiyoga yetib borish — 12:08.

81-sonli “Sariosiyo — Toshkent” yo‘nalishi:

  • Sariosiyodan ketish — 19:13;
  • Toshkentga yetib borish — 11:47.

Chiptalarni elektron tarzda eticket.railway.uz va “Uzrailways” ilovasi orqali yoki temir yo‘l chiptaxonalaridan xarid qilish mumkin.

Hozir Toshkent — Termiz — Sariosiyo yo‘nalishida har kuni bir marotaba amalga oshiriluvchi yo‘lovchi poyezdi ajralmas tarkib bilan harakatlanadi.

Shu sabab, ushbu poyezdni ikkita yo‘nalishda alohida qatnovlarini tashkil etish yo‘lovchi tashishlar sonini ikki barobarga oshirilishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Noyabr oyida Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi doirasida Sariosiyo-Toshkent yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.

Yil yakunigacha Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Bundan tashqari, Termizdan Istanbul, Farg‘ona, Buxoro va Xorazmga reyslar soni oshiriladi. Termiz-Toshkent yo‘nalishida turistik vagon tashkil etiladi.


Avvalroq 23-noyabrdan Toshkent-Xojikent yo‘nalishidagi elektropoyezd qatnovi tiklangani haqida xabar berilgandi.