Joriy yilning oyida savdo sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan Top-20ta korxona ma’lum qilindi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha yanvar-avgust oylarida 154 086 ta yuridik shaxs tomonidan 17,5 trln so‘m soliq to‘langan.

Unga ko‘ra, mazkur davrda eng ko‘p soliq to‘lagan korxona “Korzinka” (Anglesey Food) supermarketlar tarmog‘i bo‘ldi.

Bu davrda korxonaning tovar aylanmasi 6,2 trln so‘mni, to‘langan soliqlari hajmi 181,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bunda tashqari korxonaga 59 mlrd so‘m miqdorida soliq imtiyozlari qo‘llanilgan.

Undan keyingi o‘rinlarda 121,2 mlrd so‘m bilan “Roodell”, 101,3 mlrd so‘m soliq bilan “Intermax Petroleum” turibdi.

Soliq to‘lagan korxonalar

To‘langan soliq miqdori

Korzinka (Anglesey Food)
181,2 mlrd so‘m
Roodell
121,2 mlrd so‘m
Intermax Petroleum
101,3 mlrd so‘m
Nestle Food
84,7 mlrd so‘m
Namangan-Istiqlol bog‘i
83,9 mlrd so‘m
Trade Group
83,1 mlrd so‘m
UNG Petro
79,2 mlrd so‘m
Baraka Holding
79 mlrd so‘m
Tashkent Trade Center
78,6 mlrd so‘m
Torgoviy Dom Metallo-Invest Vostok
76,2 mlrd so‘m

To‘langan soliqdan 1,5 trln so‘mi, ya’ni 9,1%i 20 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 26,8 trln so‘mni tashkil etgan, qo‘llagan soliq imtiyozlari miqdori esa 81,8 mlrd so‘mga yetgan.

Ushbu 20 ta soliq to‘lovchi tomonidan ta’minlangan tushumlar soliq turlari kesimida:

  • QQS — 641 mlrd so‘m;
  • foyda solig‘i — 402,4 mlrd so‘m;
  • aksiz solig‘i — 195,5 mlrd so‘m;
  • JShODS — 173,6 mlrd so‘m;
  • ijtimoiy soliq — 69,5 mlrd so‘m;
  • yer qa’ridan foydalanganlik uchun solig‘i — 32,2 mlrd so‘m;
  • mol-mulk solig‘i — 20,4 mlrd so‘m;
  • boshqa soliqlar — 51,8 mlrd so‘m

2022-yilning yanvar-noyabr oylari davomida sohalardagi soliq tushumlariga oid ma’lumotlarga ko‘ra, 144 149 ta korxona tomonidan 12,7 trln so‘m soliq to‘langan bo‘lib, eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya “UNG PETRO” bo‘ldi — 145,8 mlrd so‘m.

Undan keyingi yetakchilikni 137,5 mlrd so‘m bilan “Anglesey Food” (“Korzinka”) hamda 84,6 mlrd so‘m bilan “Trade Group LTD” kompaniyalari egalladi.