Hukumatning shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan ayrim qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida tegishli qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston hududida doimiy muassasasi bo‘lgan norezident yuridik shaxslar ham balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishlari mumkin. Buning uchun murojaat qilish muddati 15 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.
Shaharsozlik sohasidagi ayrim litsenziyalarni olish uchun talablar kuchaytirilmoqda. Xususan, ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirish uchun litsenziyani olishga tashkilot shtatida kamida 15 nafar mutaxassis bo‘lishi lozim.
Shulardan asosiy ish joyi sifatida ishlovchilar quyidagilar hisoblanadi:
- direktor;
- soha bo‘yicha oliy ma’lumotga va loyihalashtirish sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega 3 nafar loyiha bosh muhandisi;
- bosh arxitektor;
- 2ta texnolog;
- 2ta konstruktor.
Litsenziyani, jumladan chet el (doimiy muassasasi mavjud) yuridik shaxslar olishlari mumkin. Ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqarmoqda.
Shuningdek, ko‘priklar va tunnellarni qurishga, xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha litsenziyalarni olish uchun talablar kuchaytirilmoqda.
Yangi litsenziya talablari kelasi yilning 1-martidan kuchga kirib, ungacha tegishli litsenziyaga ega tashkilotlar o‘z faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirishi lozim.
2024-yilning 1-aprelidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan holda qurilgan bino va inshootlardan foydalanishga ruxsatnoma berilmaydi.
Joriy yilning sentabrida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish markazi tashkil etildi.