Toshkentda bank kartasidan firibgarlik yo‘li bilan yirik miqdorda pul o‘g‘irlandi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Poytaxtning Yashnobod tumanida yashovchi 38 yoshli G.O. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan jami 250 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkentning Yashnobod tumanida yashovchi 26 yoshli N.G., Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi 18 yoshli T.X. hamda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 26 yoshli I.M.lar sodir etganligi aniqlangan.
Unga ko‘ra, N.G. jabrlanuvchi G.O.ning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini “Click” operatori sifatida tanishtirib, “SMS” xabarnoma yuborish orqali boshqaruv huquqini qo‘lga kiritib, 250 mln so‘mni o‘tkazib olib, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, N.G.,T.X. va I.M.larning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 4-qismi bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Noyabr oyida xakerlar tomonidan O‘zbekiston banklariga hujum qilingani va “Humo” kartalaridan pul o‘g‘irlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq, MBPM bu ma’lumotlarni rad etdi.