Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.
Xususan, O‘zbekiston tumanida istiqomat qiluvchi R.Y.ga qarashli ohak ishlab chiqarish sexi tarmoqqa noqonuniy ravishda, tabiiy gaz hisoblagichisiz ulangani ma’lum bo‘ldi.
Natijada, korxona tomonidan davlat manfaatlariga 1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “E.J.” MChJ rahbari M.X. tomonidan qonun buzilish holati aniqlangan.
Tadbirkor Zangiota tumani “Bo‘zsuv” QFYdagi yem ishlab chiqarish sexida bug‘ qozonlarini hech qanday hujjatsiz o‘g‘rilik yo‘li bilan umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga ulab, jami 166,5 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumanidagi “A.N.” fermer xo‘jaligi rahbari N.S. “Yangiobod” MFYdagi dala maydoniga o‘rnatilgan elektr hisoblagich plombalariga qasddan shikast yetkazib, suv nasoslarini o‘g‘rilik yo‘li bilan elektr tarmog‘iga ulagani ma’lum bo‘ldi. Natijada, jami 149,1 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Sh.R. “Urganji” MFYdagi umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga qo‘lbola usulda yasalgan burg‘ulash uskunasini o‘g‘rilik yo‘li bilan ulagani aniqlandi. Buning oqibatida jami 108,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur uchta holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqandda 2ta iste’molchi jami 2,7 mlrd so‘mlik elektr va tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.