O‘zbekistonda “Renet Simirenko” va “Golden Delicious” olma navlarining ulgurji narxlari ketma-ket ikkinchi hafta pasayib bormoqda, bu davrda ushbu navlar mos ravishda 29 va 23%ga arzonlashgan, deya xabar berdi “EastFruit” mutaxassislari.
“EastFruit” narxlari monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 10-noyabrdan 24-noyabrgacha “Renet Simirenko” navli olmaning o‘rtacha ulgurji narxi 7000 dan 5000 so‘m/kg ($0,57 dan $0,41 ga) pasaygan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ushbu mahsulotlarning ulgurji narxlari so‘nggi besh yil davomidagi eng past darajaga tushdi.
2023-yil 24-noyabr holatiga ko‘ra, “Renet Simirenko” olmasining o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 29%ga, 2021-yilning shu sanasiga nisbatan 38%ga past va 2020 yilning shu sanasida qayd etilgan darajaga to‘g‘ri keladi.
Oxirgi ikki hafta ichida “Golden Delicious” olma narxi ham sezilarli darajada pasaydi, 2023-yilning 10-noyabridan 24-noyabriga qadar ushbu mahsulotlarning o‘rtacha ulgurji narxi 13 ming so‘mdan 10 ming so‘m/kgga ($1,06dan $0,81ga) pasaydi.
Bunday pasayish natijasida joriy ulgurji narxlar deyarli o‘tgan yilgi darajaga tushib ketdi. 2023-yil 24-noyabr holatiga ko‘ra, “Golden Delicious” olmalarining o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasidan atigi 11%ga yuqori, lekin 2021-yilning shu sanasidan 29%ga past.
Xalqaro “EastFruit” jamoasi tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarining ulgurji narxlari haftalik monitoringiga kiritilgan boshqa navli olma narxiga kelsak, so‘nggi ikki hafta davomida “Gala”, “Granny Smit” va “Fuji” olmalarining o‘rtacha ulgurji narxlari o‘zgarmadi.
Avvalroq “Spot” joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonga eng yirik olma yetkazib beruvchi mamlakat Ukraina bo‘lgani haqida yozgandi.
Xususan, mamlakatdagi jangovar harakatlarga qaramay mazkur mahsulot eksporti 360 tonnaga yetgan.