Toshkent metropolitenining “Xalqlar do‘stligi” bekatida ilk marotaba kaftni skanerlash orqali to‘lovni amalga oshirish tizimi ishga tushirildi.
Endilikda yo‘l haqini to‘lashda bank kartalari, transport kartalari yoki QR-kodli chekdan foydalanmasdan kaft orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.
Metro bekatining o‘tish joyida “UZINFOCOM"ning “Palm ID” tomirlar tasviriga asoslangan identifikatsiyalash biometrik loyihasi ishga tushirildi.
Bunda kaftni skaner ustiga tutganda tizim insonni identifikatsiya qiladi va avtomatik tarzda to‘lov yechib olinadi. Buning uchun bir necha daqiqa sarflab, dastur orqali shaxsiy ma’lumotlarni kiritish zarur.
Jamoat transporti foydalanuvchilari uchun mobil ilova ham ishga tushirilgan. U orqali virtual karta ochilib, mablag‘ bilan to‘ldiriladi.
Shundan so‘ng to‘lov uchun kaft kifoya qilib, hech qanday internetsiz, karta yoki QR-kodli cheklarsiz to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Tizimdan kontaktsiz foydalanish mumkin, ya’ni kameraga yoki skanerga inson teginishi shart emas va kaft masofadan skaner qilinadi.
Oktabr oyi oxirida Toshkent metropolitenida yo‘lkirani qo‘lni skanerlash orqali to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lum qilingandi.
Undan oldin — sentabr oyida esa metroda “Face ID” orqali yo‘l haqi to‘lash tizimini sinovdan o‘tkazish boshlandi. Yuz orqali to‘lovni faqat bitta — Chilonzor yo‘nalishidagi “Buyuk ipak yo‘li” bekatida amalga oshirish mumkin.