“UzAuto Motors” avtomobillar sotuvi jarayonini to‘liq onlayn tarzda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Avgust oyidagi avtomobillar uchun navbatni kamaytirishga qaratilgan choralar ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda jadval asosida sotish navbatlarni 3 barobarga, kutish muddatini esa o‘rtacha 1−3 oyga qisqartirish imkonini bergan.
Biroq, kutish muddatlarini kamaytirish bo‘yicha qilingan ishlar dilerlik markazlarida avtomobillar uchun shartnomalarni olishdagi keskinlikni kamaytirmagan va ste’molchilarning noroziligini keltirib chiqarishga sabab bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.
3-noyabr kuni “UzAuto Motors” bir nechta ommabop avtomobillar uchun kontraktatsiyani ochdi. Biroq, kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar yuzaga keldi. Masalan, sayt ishlamay va sahifalar ochilmay qoldi. Dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga keldi.
Oxirgi savdo jarayonida dasturiy ta’minotda yuqori yuklanish tufayli yuzaga kelgan texnik nosozliklar uni sezilarli darajada yangilash zarurligini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, kompaniya Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi bilan “UzAvtoSavdo” tizimini modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirgan.
Xususan, tizimning texnik jihozlanishini kuchaytirish orqali yuqori tezlikdagi yuklanishlarning to‘g‘ri ishlashini ta’minlash belgilangan.
Bundan tashqari, onlayn sotuv bo‘yicha ishlarning yakunlanishi va onlayn savdoga to‘liq o‘tish vaqti haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi qayd etilgan.
Xaridorlar “UzAutoSavdo” ilovasini (iOS/Android)o‘rnatishlari va keyingi avtomobil xaridlari uchun “UzAuto Motors” savdo tizimida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Modernizatsiya doirasida texnik ishlar olib borilayotgani sabab 1-dekabr kuni soat 09:00dan 24:00gacha “UzAvtoSavdo” tizimi vaqtincha ishlamaydi.
Avgustda ochilgan kontraktatsiyada deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun to‘lov qilingandi. Shu bilan birga, kompaniya avtomobillarni egalari topshirish muddati 3 oyga qisqarishini ma’lum qildi.