Germaniyaga yuk avtomobili haydovchilari ishga taklif etiladi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Nomzodlar 18−45 yosh oralig‘ida, CE toifadagi haydovchilik guvohnomasi, nemis tili bo‘yicha kamida B1 darajasiga (Gyote instituti yoki ECL sertifikati) ega bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi haydovchilik guvohnomasini olish va ro‘yxatdan o‘tish uchun qayta tayyorlash kursida o‘qish va 95-kodli sertifikatini olishga tayyorgarlik (davomiyligi 6−8 oy) talab etiladi.

Qabul qilinganlar Germaniyadagi qayta tayyorlash kurslaridan so‘ng kamida 3 yil “Duvenbesk Kraftverkehr” shirkatida ishlashadi.

Nomzodlarga O‘zbekistonda hujjat ishlarida ko‘mak beriladi. Germaniyaga borish xarajatlari qoplanib, doimiy mehnat shartnomasi tuziladi.

Shuningdek, qayta tayyorlash davridagi turar joy xarajatlari qoplab beriladi, uch bosqichli amaliyot davridagi oylik 850 yevroni (soliqlar ushlangandan keyin) tashkil etadi.

Qayta tayyorlashdan so‘ng 1700 yevro (soliqlar ushlangandan keyin) hamda 500 yevrogacha soliqsiz qo‘shimcha haq beriladi. Har yili 27 kunlik ta’til mavjud.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur hujjatlar:

  • xorijga chiqish pasporti;
  • nemis tilidan sertifikat (B1 daraja);
  • nemis tilidagi tarjimai hol (Lebenslauf);
  • haydovchilik guvohnomasi.

Barcha hujjatlar PDF shaklida qabul qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tish havola orqali amalga oshiriladi. Tizimga kirish uchun One ID kerak.

Batafsil ma’lumotlarni 1282 hamda +998 71 202−33−55 raqamlaridan olish mumkin.


Avvalroq o‘zbekistonliklar yuk avtomobili haydovchisi sohasi bo‘yicha Yevropa davlatlariga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.