Saudiya Arabistonining “K-Dot Partners” kompaniyasi O‘zbekistonliklarni mamlakatga ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Bu bo‘yicha, elchi Ulug‘bek Maqsudov bilan kompaniya ijrochi direktori Faysal al-Dovud o‘rtasidagi uchrashuvda fuqarolarni qonuniy tarzda ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatga xizmat ko‘rsatish, aviatsiya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalariga O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida oshpaz va ofitsiantlarga bo‘lgan yuqori talabdan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishda ham ishchilarni yollash nazarda tutilmoqda.

Saudiya vakili O‘zbekistonda “Dhaef Global Resruitment” kompaniyasi tashkil etilganini ma’lum qilib, kompaniya Saudiya Arabistoniga o‘zbekistonlik ishchilarni qonuniy tarzda ishga joylashtirishga ko‘maklashishini bildirdi.

Xususan, kompaniya O‘zbekistondagi “Hilton Academy” o‘quv-mashg‘ulot markazi bilan ishga jalb qilinganlarning tajriba ko‘nikmalari, ingliz va arab tili bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv kurslarni tashkil qilgan.

O‘zbekistonda amaliyot o‘tab, podshohlikka kelgan ishchilar ushbu davlatdagi “Mahara” o‘quv markazida takroran amaliyot o‘taydi va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga taqsimlanadi.

Ishga qabul qilingan va shartnoma imzolagan ishchilar mamlakatning Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Musanid” platformasi orqali viza bilan ta’minlanadi.

Sentabrda Saudiya Arabistonining “International Recruitment Company” bandlik kompaniyasi oshpazlar, avtobus va yuk mashinalari haydovchilari, tibbiyot xodimlari va boshqa sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarni mamlakatga ishga jalb qilishi ma’lum qilingandi.


Avvalroq o‘zbekistonliklar Germaniyaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.