Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik loyihasini amalga oshirish uchun $50 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarning raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITES) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanoyatgan yangi loyiha O‘zbekistonga ITES xizmatlari sohasidan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadlarida foydalanishga yordam beradi”, deya ta’kidlaydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadini ko‘zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “IT Park” tomonidan amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o‘tgan shaxslarni ishga oladigan ITES kompaniyalari uchun turli xil rag‘batlar taqdim etiladi.
2029-yilda loyiha yakuniga kelib O‘zbekiston ITES xizmatlari sohasida 25 ming kishi ish bilan ta’minlanishi va 15 ming kishi turdosh sohalarda ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Loyiha ushbu maqsadlarga erishish uchun turli xil chora-tadbirlarni maqsad qilgan, jumladan, butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITES markazlari ishga tushiriladi.
Ushbu chora-tadbirlar ITES kompaniyalarini O‘zbekiston hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochishga rag‘batlantiradi.
Buning natijasida 6200 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 3100 nafar ayollar va 250 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar kommunikatsiya, kompyuter va til ko‘nikmalarini (ITES kompaniyalarida talab qilinadigan ingliz va boshqa chet tillari) o‘z ichiga olgan asosiy professional ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha ta’lim oladilar.
Shuningdek, 9000 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 4500 nafar ayollar va 360 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ITES kompaniyalarida ish bilan ta’minlanadi.
Kompaniyalarga o‘z navbatida loyiha doirasidagi ishtirokchilarni ishga olishi uchun moddiy rag‘batlar beriladi va O‘zbekistonda xorijiy va mahalliy ITES kompaniyalari faoliyati uchun qulay shartsharoitlarni ta’minlashda muhim o‘rin tutgan normative-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
Yuqorida qayd etilgan loyiha chora-tadbirlari natijasida 240 ga yaqin yangi ITES kompaniyalari “IT Park” rezidentlariga aylanadi va O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaydi.
Avvalroq “Spot” Jahon banki O‘zbekistonga $46,2 mln yo‘naltirishi haqida yozgandi.
Mablag‘lar energiya resurslari iste’molini va issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga sarflanadi.
Shuningdek, loyiha uglerod kreditlarini xalqaro uglerod bozorlarida sotish imkonini beradi.