30-noyabrdan Samarqand xalqaro aeroportida to‘liq avtomatlashtirilgan avtoturargoh tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Samarqand xalqaro aeroportining matbuot xizmati xabar berdi.

Aeroport yonidagi maydonga kirishda joylashgan tizim avtomatik ravishda avtomobil raqamlarini aniqlaydi.

Agar avtoturargohga kirishda avtomobilning raqami aniqlanmasa va to‘siq ochilmasa to‘xtash joyidan avtoturargoh chiptasini olish kerak.

To‘lov aeroport yonidagi maydonda joylashgan parkomatlar orqali naqd pulda yoki to‘xtash joyidan chiqib ketayotganda bank kartasida amalga oshiriladi. To‘lov miqdori tabloda ko‘rsatiladi.

parkovka, samarqand aeroporti, air marakanda

Avtomobillar dastlabki 15 daqiqada aeroport yonidagi hududda bepul turishlari mumkin.

Shuningdek, “Air Marakanda” ma’muriyati avtotransport vositalarining yo‘qolishi, o‘g‘irlanishi, shikastlanishi, “parkovka"da joylashgan boshqa mol-mulkni, jumladan, avtotransport vositasida qoldirilgan narsalarni yo‘qotish, o‘g‘irlash uchun javobgar emasligi qayd etilgan.

2022-yilning noyabrida “Toshkent” xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali oldida 333ta o‘ringa mo‘ljallangan to‘liq avtomatlashtirilgan avtoturargoh test rejimida ishga tushirilgandi.