“IT Park” Ozarbayjonning “Azericard” kompaniyasi bilan startaplarni rivojlantirishda hamkorlik qiladi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
24-noyabr kuni Bokuda o‘tkazilgan “TezOde” forumi doirasida “IT Park” bosh direktori o‘rinbosari Fayzulla Aripjanov “Azericard” protsessing markazi direktori Farid Guliyev bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston va Ozarbayjonda startap va venchur ekotizimlarini rivojlantirish, startaplarning ikki mamlakat bozorlarida kengayishiga yordam berish hamda fintech (moliyaviy texnologiyalar) sohasida hamkorlik qilish belgilanmoqda.
“Azericard” — Ozarbayjondagi birinchi protsessing markazi. Kompaniya mamlakat va xorijdagi xalqaro to‘lov tizimlarining a’zolari hisoblangan 22ta bank uchun turli xizmatlarni ko‘rsatadi.
Xususan, kontaktsiz bank to‘lov kartalari yordamida shahar transportida to‘lovlarni amalga oshirish, aloqa va kommunal xizmatlar, bojxona va soliq to‘lovlari, internet va mobil banking hamda kartadan kartaga o‘tkazmalar kabilarni amalga oshiradi.
Avvalroq Turkiyaning “Turan” to‘lov xizmati O‘zbekiston bozoriga qachon kirishi ma’lum bo‘lgandi.