Shavkat Mirziyoyev BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifi bilan 1-dekabr kuni Dubayda o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (COP28) asosiy yalpi sessiyasida ishtirok etdi.
Prezident “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning strategik vazifasi ekanini ta’kidlab, qator takliflarni ilgari surdi.
Jumladan, davlat rahbari Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi. Bunda Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida ishlab chiqilayotgan Moslashuv strategiyasi qayd etildi.
Davlat rahbari “Yo‘qotish va zararlar” global jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni yuqori baholadi. Bu mexanizmlar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, iqlim o‘zgarishidan aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam berishi ta’kidlandi.
Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi muhimligi qayd etildi.
Bu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida ko‘rib chiqib borish taklif qilindi.
Orolbo‘yi hududini Innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun davlat rahbari bu yerda ilg‘or bilim, tajriba va yechimlarni qo‘llash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchani yaqin hamkorlikka taklif etdi.
Bundan tashqari, prezident Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida tashkil etilayotgan Iqlim ilmiy forumi doirasida yaqin ilmiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga chaqirdi.
Yer degradatsiyasining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli ta’minlash va boshqa masalalar forumning kun tartibidan joy oladi.
Shuningdek, BMT bilan 2024-yili O‘zbekistonda “Iqlim migratsiyasi” mavzusida konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Yashil bandlik” dasturini ishlab chiqish, Iqlim o‘zgarishining bandlikka ta’sirini modellashtirish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident BMT Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.