DXX tomonidan noqonuniy migratsiyaga bo‘yicha ichki ishlar idoralari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarni Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, Samarqandda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahrida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan shaxs fuqaro ishonchiga kirib, Meksika orqali AQShga yuborishni va’da qilib, $25 ming talab qilgani aniqlandi.
Mazkur shaxs hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga oldindan $15 ming olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan shaxs Kattaqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, 1996-yilda tug‘ilgan tanishi bilan kelishgan holda, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik sodir etgan.
Fuqaroni Turkiya-Armaniston-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborishni va’da qilib, evaziga $23 ming talab qilgan. Biroq, ular oldindan $12 ming olgan vaqtlarida ushlandi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Amerikaga yuborishni va’da qilib, evaziga $10 ming olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi endilikda Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmasligini ma’lum qilgandi.
Noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.