Avvalroq “Humo” to‘lov tizimini boshqaruvchi Milliy banklararo protsessing markazining ustav kapitalidagi davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.
Agentlik matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, “Humo” to‘lov tizimidagi davlat ulushini Davaktiv agentligiga o‘tkazish kelgusida xususiylashtirish bilan bog‘liq emas.
“Humo” to‘lov tizimini boshqaruvchi MBPM Markaziy bankning Bosh axborotlashtirish markaziga tegishli edi. Shu bilan birga, “Markaziy bank to‘g‘risida"gi qonunning 12-moddasiga muvofiq tartibga soluvchi organning funksiyalariga banklar, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlari faoliyatini litsenziyalash kiradi.
Biroq, davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, davlat korxonalariga nisbatan bir vaqtning o‘zida ham mulkdor, ham tartibga soluvchi funksiyalarni bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday hollarda korxonalar Davaktiv agentligiga o‘tkaziladi yoki tartibga soluvchining funksiyalari boshqa davlat organiga o‘tkazilganda tugatiladi.
“Humo"ning Markaziy bankdan agentlikka o‘tkazilishi mulkdor va tartibga soluvchi o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvining bartaraf etilishi bilan izohlanmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ta’kidlashicha, hozirda “Humo” to‘lov tizimini xususiylashtirish ko‘zda tutilmagan.
Avvalroq “Spot” Markaziy bank shubhali operatsiyalar uchun kartalar va hisoblarni bloklashni talab qilishi mumkinligi haqida yozgandi.