“Standard & Poor’s” reyting agentligi yaqin bir necha yil ichida O‘zbekiston bank sohasida raqobat kuchayishini kutmayapdi. Bu haqda kompaniya hisobotida keltirilgan.

S&P hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023−2026 yillarda o‘rtacha iqtisodiy o‘sish 5,4%ni tashkil qiladi. Xususan, bunga iqtisodiy islohotlar, Rossiyadan pul o‘tkazmalari oqimi, shuningdek, postsovet mamlakatlariga eksport hajmining oshishi yordam beradi.

“Biz pul o‘tkazmalari normallashishini kutayotgan bo‘lsak-da, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi davom etayotgan mojaro va global iqtisodiy faollikning sekinlashishi sabab iqtisodiy ko‘rinish o‘zgaruvchan bo‘lib qoladi”, — deyiladi hisobotda.

Mutaxassislar, shuningdek, kelgusi ikki yil ichida bank sektorida biznes o‘sishi va barqaror rentabellikni prognoz qilmoqda.

Kreditlash sohasida aktivlar sifati yaxshilanishi kutilmoqda. 2023−2024 yillarda qarz olish xarajatlari 2,0−2,2% darajasida normallashishi mumkin.

Banklardagi muammoli kreditlar hajmi 5,5−6,5%ni tashkil etadi, bu esa nisbatan yuqori tavakkalchilikka moyillikni va risklarni baholashda zaif standartlarga ega O‘zbekistonning yaxshi iqtisodiy istiqbolini aks ettiradi.

Qulay makroiqtisodiy sharoitlar va chakana kreditlarga kuchli talabdan kelib chiqib, joriy va kelgusi yilda kreditlash hajmi 25%ga oshadi.

S&P O‘zbekiston banklari retsessiya yoki Rossiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalar natijasida zarar ko‘rmaganiga urg‘u berdi. 2023-yilda mamlakatga kapital oqimi normallashmoqda, ammo bu bank sektori uchun xavf tug‘dirmaydi. Bundan tashqari, tahlilchilar bank chakana biznesining o‘sishi va avtokreditlar berishning qisqarishini kutishmoqda.

Iqtisodchilar “Ipoteka bank"ning Vengriyaning “OTP banki"ga sotilishi misolida hukumatga keng ko‘lamli islohotlar siyosatini, jumladan, davlat banklarini xususiylashtirishni tavsiya qiladi.

“Biroq, qaror qabul qilish markazlashganligicha qoladi va korrupsiya haqidagi yuqori darajadagi tasavvurlar keyingi bir necha yil ichida ham davom etishi mumkin. Biroq, xorijlik o‘yinchilarning kelishi raqobatni kuchaytirishi mumkin, biz bank sektoridagi vaziyat keyingi bir necha yil ichida ancha barqaror bo‘lib qoladi, deb hisoblaymiz”, — deya qayd etiladi hisobotda.

2023−2024 yillarda inflyatsiya Markaziy bankning asosiy prognozidan biroz yuqori — 9−11% darajasida prognoz qilinmoqda.

Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston 2028-yilgacha 5%lik inflyatsiya ko‘rsatkichiga erisha olmasligini qayd etgandi.