“The Economist Intelligence Unit” dunyoning 173ta yirik shahrida yashash narxi bo‘yicha yangi tadqiqotini e’lon qildi. Tadqiqot 30 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadi.
Britaniya jurnali tahlilchilari joriy yilning martidan sentabrigacha bo‘lgan davr uchun 400ta tovar va xizmatlar narxini dollarda solishtirdi. Barcha shaharlar Nyu-York bilan taqqoslanib, uning bazaviy reytingi 100ta punkt asosida baholangan.
Mutaxassislarning fikricha, dunyoning yirik shaharlarida yashash o‘rtacha 7,4%ga qimmatlashgan. Bu o‘tgan yilgi 8,1%lik ko‘rsatkichdan biroz kamroq, ammo 2017−2021 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori shakllangan.
Singapur va Syurix eng qimmat yashash darajasiga ega shaharlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Syurixga Shveysariya frankining mustahkamlanishi, Singapurga esa transport va kiyim-kechakning qimmatligi yordam berdi.
Keyingi o‘rinlarda Jeneva, Nyu-York va Gonkong turibdi. Shuningdek, kuchli o‘ntalikka Los-Anjeles, Parij, Kopengagen, Tel-Aviv va San-Fransisko kirgan.
Biroq, tahlilchilarning qayd etishicha, tadqiqot Yaqin Sharqda qurolli mojarolar boshlanishidan oldin o‘tkazilgan bo‘lib, bu Isroilda milliy valyuta kursi va ayrim tovarlar narxiga ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, dollar kursining biroz zaiflashishi reytingdagi ba’zi o‘zgarishlarni tushuntiradi.
Toshkent dunyoning qimmat shaharlari reytingida 31 punktlik bazaviy reyting bilan 169-o‘rinni (pastdan beshinchi) egalladi. O‘zbekiston poytaxtining reytingdagi o‘rni Tunis va Karachi o‘rtasida joylashgan.
Uzoq vaqt davomida dunyodagi eng arzon shahar Suriya poytaxti Damashq (13 ball) bo‘lib qolmoqda, bu reytingda unga eng yaqin bo‘lgan Tehrondan (20) deyarli ikki barobar ko‘p. Kuchli o‘nlikka Tripoli, Lusaka, Lagos, Buenos-Ayres, shuningdek, Hindistonning Ahmadobod va Chennay shaharlari kiradi.
Damashq, Tehron va Tripolida oziq-ovqat, shuningdek, uy-ro‘zg‘or va shaxsiy parvarishlash mahsulotlarining arzon narxlari kuzatilmoqda. Bundan tashqari, eng yuqori inflyatsiya Karakasda (450%) qayd etilgan.
Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekiston shaharlarining “yashash uchun qulayligi” reytingini tuzgandi. Unda yetakchilikni Toshkent egallagan.