Avvalroq “Spot” “Yandex Go” O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida xabar bergandi.
Kompaniya dekabrgacha xizmatni mahalliylashtirish va sayohatlarni fiskallashtirish ustida ish olib borishi ma’lum qilingandi.
“Yandex Go” 1-dekabrdan O‘zbekiston hududida mahalliylashtirishni yakunladi va barcha amaldagi soliqlarni to‘lagan holda xizmatni O‘zbekiston kompaniyasidan taqdim etadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Shuningdek, sayohat uchun fiskal cheklarni taqdim etishni yo‘lga qo‘ydi. Xizmat amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda chekni shakllantiradi.
Yo‘lovchilar bank kartalari orqali to‘langan sayohatdan so‘ng “Yandex Go” ilovasida chek olishlari, shuningdek, fiskal ma’lumotlar operatori veb-saytiga havola orqali o‘tishlari mumkin.
“Biz uzoq vaqtdan beri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatishni mahalliylashtirish va yo‘lovchi tashishni fiskallashtirish masalasi ustida ishlayapmiz. Bu nafaqat biz, balki butun sanoat uchun muhim qadamdir. Umid qilamizki, boshqa o‘yinchilar ham bizdan o‘rnak olishadi — biz fiskalizatsiya masalalari bo‘yicha tajriba almashishga tayyormiz. Shuningdek, biz davlat idoralari bilan muloqotimizni davom ettiramiz va sohani yanada shaffof qilish uchun hamkorlikda ishlashga umid qilamiz”, — deya izoh berdi “Yandex Go"ning MDHdagi rahbari Kirill Svinsov.
Oktabr oyi boshida Soliq qo‘mitasi “Yandex Go"dan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish va soliqlarni to‘lashni talab qildi.
Agar taksi xizmati bu talablarni bajarmasa mamlakatda agregator sifatida foydalanib kelinayotgan platforma bloklanadi. Kompaniya talablarni joriy yilning dekabrigacha bajarishi kerak.
Joriy yilning avgustida “Yandex Go” xizmati Qarshida ishga tushirildi va bu bilan taksi xizmati faoliyat yuritayotgan mamlakatdagi o‘ninchi shahar bo‘ldi.