O‘zbekiston IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi fuqarolarni muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi onlayn firibgarliklardan ogohlantirib kelmoqda.

Ayniqsa, taniqli shaxslar, jumladan, Shavkat Mirziyoyev, Alisher Usmonov va boshqalar nomidan sun’iy intellektga asoslangan dasturlar yordamida ishlov berilib, audio va videoyozuvlarni soxtalashtirish orqali turli guruh va kanallarda ularni keng tarqatish holatlari kuzatilmoqda.

Bu kabi soxta xabarlar mazmuni esa aholini tez fursat ichida mo‘may pul topishga chaqiruvchi, brokerlarga aldangan fuqarolarga esa mablag‘larini undirib berishga va’da beruvchi hamda aholiga yordam pullari ajratilishi haqidagi yolg‘onlardir.

“Spot” Kiberxavfsizlik markazi taqdim etgan ma’lumotlarning ayrimlarini bir joyga jamladi.


1-yolg‘on. Prezident nomidan soxta chaqiruvlar

Shavkat Mirziyoyev nomidan foydalanib, onlayn tarzda fuqarolardan pul o‘g‘irlash holatlari birinchi marotaba sodir etilmayapti.

Markaz qayd etishicha, prezident videotasviriga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berilib, audioyozuvlarni soxtalashtirish holati kuzatilgan.

Go‘yoki “Instagram” va “Facebook” ijtimoiy tarmoqlari hamda “Telegram” messenjeri orqali turli xil kanal va guruhlarda “Brokerlarga aldanib qolgan fuqarolarga pullarini undirib berishni hisobga olib, yuridik xizmatlarini yaratdik” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda.

Shu mazmundagi xabarlar yolg‘on bo‘lib, ularning haqqoniyligini aniqlash uchun rasmiy manbalar orqali qayta tekshirib ko‘rish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, davlat rahbarining rasmiy veb-sayti ko‘rinishidan foydalanib, “Bugundan boshlab har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun 8 mln so‘mdan berilishi” mazmunidagi xabarlar ham tarqatilgan. Biroq, bu ham firibgarlarning navbatdagi “hiylasi” edi.

2-yolg‘on. Tadbirkor Alisher Usmonovdan “mo‘may pullar”

Firibgarlar turli xil ko‘rinishdagi videotasvirlarga “O‘zbekiston 24” telekanali belgisidan foydalanib, “USM invest” hamda tadbirkor Alisher Usmonovning videotasviriga maxsus dastur yordamida qayta ishlov berish yo‘li orqali yolg‘on xabarlarni tarqatishgan.

Bu kabi xabarlar mazmuni internet foydalanuvchilariga tez fursat ichida mo‘may daromad olishni va’da qiladi. Lekin, xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Fuqarolar shu kabi mazmundagi xabarlarga ishonishdan oldin, ularning kim va qanday manbalardan tarqatilayotganiga e’tibor berishi va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalargagina ishonishlari kerak.

3-yolg‘on. “Buni tez ko‘ring”

Toshkent shahar, Sergeli tumanida yashovchi fuqaro IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 12,1 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahar, Mirobod tumanida yashovchi 20 yoshli Yu.A.,Toshkent shahar, Mirobod tumanida yashovchi 20 yoshli B.A.lar sodir etganligi aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan Yu.A. va B.A.lar internet foydalanuvchilariga “Telegram” orqali “buni tez ko‘ring” mazmunidagi xabarni (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib, aldov yo‘li bilan bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali hisobidagi pullarini o‘g‘irlab, mablag‘ orttirib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yu.A. va B.A.larning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

4-yolg‘on. Brokerlarga aldanganlarga yordam

Firibgarlar tomonidan “Instagram” va “Facebook” hamda “Telegram” orqali turli xil kanal va guruhlarda “brokerlarga aldanib qolgan fuqarolarga pullarini undirib berishlarini va’da qiluvchi xabarlar tarqatilmoqda. Biroq, bu xabarlar ham haqiqatdan yiroq bo‘lib, ularga ishongan fuqarolar pullarini yo‘qotishi mumkin.

Umuman, bular markaz taqdim etayotgan xabarlarning bir qismi, xolos. Lekin, fuqarolarning firibgarlarga chuv tushish holatlari deyarli har kuni uchramoqda.

“Spot” oldin ham onlayn firibgarlik holatlariga oid ma’lumotlar hamda ularni rasmiy xabarlardan qanday ajratish mumkinligi bo‘yicha ma’lumotlarni jamlab, eng keng tarqalgan beshta turga to‘xtalgandi.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida regulyator quyidagilarni qayd etdi:

  • e’lonlardagi har qanday aksiyalar, pul yutuqlari hamda boshqa takliflarni tashkilotlarning rasmiy veb-sahifasidan qayta tekshirish;
  • saytning rasmiyligiga ishonch hosil qilmasdan ularga o‘z shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik;
  • ijtimoiy tarmoq hamda messenjerlarda tarqatilayotgan, aksiya va yutuqli lotereya o‘yinlari to‘g‘risidagi reklamalar keltirilgan havolalarni tekshirmasdan oldin ochmaslik;
  • rasmiy emas havolalarni boshqalarga tarqatmaslik.

Shuningdek, “Telegram” orqali jo‘natilayotgan yolg‘on xabarlardan kelib chiqib, akkauntga buzib kirmasliklari hamda ishonchliroq himoyalanish uchun ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish zarur.