Hukumatning alohida uy-joyni (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismini) xususiylashtirishga rozilik berganlar to‘g‘risida ma’lumotnoma hamda davlat mulkini xususiylashtirish uchun buyurtmanoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash haqidagi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2024-yilning 1-iyulidan xususiylashtirilgan uy-joylarga oid davlat orderlari va ma’lumotnomalar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan beriladi.
“Toshkent shahar uy-joylarga davlat orderlari va ma’lumotnomalar berish markazi” DUK poytaxt hokimligi tasarrufiga o‘tkazilmoqda. 2025-yilgacha esa mazkur korxona tugatiladi.
Shuningdek, quyidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlanmoqda:
- alohida uy-joyni (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismini) xususiylashtirishga rozilik berganlar to‘g‘risida ma’lumotnoma berish;
- davlat mulki obyektini xususiylashtirish uchun buyurtmanoma berish.
Ushbu xizmatlar Davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal orqali ko‘rsatiladi hamda xizmat uchun yig‘im undirilmaydi.
Ma’lumotnomani olish uchun so‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
- uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat;
- mulkdorning oila a’zosi bo‘lgan taqdirda ushbu faktni tasdiqlovchi hujjat (mulkka egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birga);
- vakilning vakolatini tasdiqlaydigan ishonchnoma.
Uzog‘i bilan bir yarim soat ichida murojaat etuvchiga tegishli ma’lumotnoma taqdim etiladi.
Davlat mulki obyektini xususiylashtirish yuzasidan berilgan buyurtmanoma bo‘yicha 5 ish kuni davomida murojaat etuvchiga tegishli holatlar tekshirilgandan so‘ng 30 kun ichida unga qo‘shimcha xabarnoma yuborilishi ma’lum qilinadi.
Ma’lumot uchun, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan 3 oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan obyekt ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.
Avvalroq aholi va yuridik shaxslarga ma’lumotnomalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ma’lum qilingandi.