AQShda o‘tkaziladigan “TechWomen” liderlik dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.
Unda ishtirok etish huquqiga ega davlatlardan ayollar ariza topshirishi mumkin. O‘zbekiston mazkur ro‘yxatda mavjud.
Nomzodlar belgilangan muvofiqlik talablari asosida tanlab olinadi. Xususan, STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) sohalarida kamida ikki yillik to‘liq ish tajribaga ega bo‘lish talab etiladi.
Bundan tashqari, quyidagi talablar ham mavjud:
- kamida bakalavr yoki unga tenglashtirilgan darajaga ega bo‘lish;
- ingliz tilini yozma va og‘zaki bilish;
- AQShning J-1 vizasini olish huquqiga ega bo‘lish;
- oxirgi 5 yil ichida AQShga immigratsion vizaga murojaat qilmagan bo‘lish;
- AQSh fuqaroligi yoki qonuniy doimiy rezident bo‘lmagan.
Dastur turli xil ma’lumot va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ayollarni, jumladan, imkoniyati cheklanganlarni ham ariza berishga undaydi.
Arizalar soha yetakchilari va hududiy ekspertlardan iborat mustaqil tanlov komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Yarim finalchilar bilan o‘zlarining doimiy yashash joylarida AQSh elchixonasi tomonidan intervyu olinishi mumkin.
Har bir ishtirokchidan o‘z mutaxassisligi va qiziqish sohasiga qarab quyidagi yo‘nalishlardan birini tanlash so‘raladi:
- biotexnologiya va salomatlik;
- yashil texnologiya va barqarorlik;
- IT va aloqa;
- fan va muhandislik.
2024-yilgi dastur uchun Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlaridan jami 104tagacha ayol tanlab olinadi. Ko‘p beriladigan savollar bilan bu yerda tanishib chiqish mumkin.
Yarim finalchilar kelasi yilning aprel oyida ma’lum qilinadi hamda yakuniy qarorlar may oyida e’lon qilinadi. Dasturi 2024-yilning sentabr va oktabr oylarida besh hafta davomida o‘tkaziladi.
Qabul qilingan ishtirokchilarga AQShga borish va qaytish aviachiptalari, turar joy, ovqatlanish va boshqa xarajatlar qoplab beriladi.
Bundan tashqari, dastur davomida mahalliy transport va “TechWomen” tadbirlarida ishtirok etish uchun boshqa xarajatlarga mablag‘ ajratiladi.
Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni kelasi yilning 10-yanvarigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Shuningdek, “TechWomen” dasturiga oid savollarni Tashkent-Program@state.gov pochtasiga yuborish mumkin. Bunda xabarning mavzu qismida “TechWomen Savoli” deb belgilash kerak.
Avvalroq AQShning “Global UGRAD” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Arizalarni 15-dekabrgacha jo‘natish mumkin.