“UzAuto Motors” dekabr oyining ikkinchi yarmida ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiyani ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, quyidagi avtomobillar uchun shartnomalar mavjud bo‘ladi:

  • “Cobalt” — 124 264 000 so‘mdan;
  • “Damas” — 93 156 000 so‘mdan;
  • “Labo” — 93 771 000 so‘mdan.

Maskur modellar uchun kontraktatsiya 2024-yilda ishlab chiqarish rejalashtirilgan hajm uchun ochiq bo‘ladi. Kompaniya aniq sana rasmiy sahifalarda alohida e’lon qilinishini qayd etgan.

Shuningdek, shartnomalarni berish boshlanganda kontraktatsiyani avtosalonlardan emas, faqat onlayn tarzda “UzAutoSavdo” ilovasi (iOS/Android) va savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Onlayn shartnomani qanday tuzish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq “UzAuto Motors” to‘liq onlayn savdoga o‘tishi ma’lum qilingandi. Kompaniya oxirgi kontraktatsiyada yuzaga kelgan kamchiliklar sabab onlayn savdo tizimini modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqda.


“UzAuto Motors” 2022-yilning dekabrida shartnoma berilishi bekor qilingan “Cobalt”, “Lacetti”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillariga sakkiz oydan so‘ng — joriy yilning 5-avgust kuni kontraktatsiyani ochdi.

Oradan bir kun o‘tib esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi. 4−5 avgust kunlari 50 mingdan ortiq shartnoma imzolandi. Qariyb o‘n kun ichida esa deyarli 51 mingga yaqin avtomobil uchun shartnomalarga to‘lov qilingan.

Kompaniya avtomobillar joriy yilda o‘z egalariga topshirilishi hamda keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmasligini ma’lum qildi. Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda “OLX” saytida shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Kompaniya internetdagi shubhali shartnomalardan ogohlantirdi.

Shuningdek, 18-sentabr kuni avtomobillarning qo‘shimcha partiyasi uchun kontraktatsiya qayta ochildi. Shu kunning o‘zida, shartnomalar tugadi. Qayta ochilgan avtomobil modellari uchun 28 mingdan ortiq shartnomalar imzolangan.

3-noyabr kuni “UzAuto Motors” bir nechta ommabop avtomobillar uchun kontraktatsiyani ochdi. Biroq, kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga keldi.