Kelasi yildan o‘zbekistonliklarning haydovchilik guvohnomasi BAAda ham tan olinadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya BAA Bosh vaziri o‘rinbosari, Ichki ishlar vaziri general-leytenant Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishni muhokama qildi.

Xususan, tomonlar transmilliy uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashish, mazkur yo‘nalishlarda xodimlarning malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishni ko‘rib chiqib, rejalarni belgilab oldi.

Tashrif doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o‘rtasida haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish va almashish to‘g‘risida"gi anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjatning kuchga kirishi natijasida har ikki davlat fuqarolari o‘zlarining milliy haydovchilik guvohnomalari bilan ikkinchi tomon hududiga tashrif buyurgan davrda transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘ladi. Biroq, uzoq muddatga yashash uchun kelganlar bundan mustasno hisoblanadi.

Shuningdek, BAA rezidenti bo‘lgan (uzoq muddat yashash huquqini olganlar) milliy haydovchilik guvohnomasiga ega o‘zbekistonliklar esa BAA haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida tegishli nazariy va amaliy sinovlarni topshirishdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Hujjat 2024-yilning 27-yanvaridan kuchga kirishi belgilangan.


O‘zbekistonda eski haydovchilik guvohnomalarini onlayn almashtirish imkoniyati mavjud. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin.