Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta metan “zapravka” 34 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 1-dekabr kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Xususan, poytaxtning Bektemir tumanida joylashgan “T.V.G” MChJ, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “O.E.G” va “P.O” MChJlarga qarashli AGTKShlar tomonidan gazning haqiqiy sarfini kamaytirib ko‘rsatish maqsadida hisobga olish priborini ulash tartibi hamda sxemalari o‘zgartirilganiligi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur 3ta shoxobcha tomonidan davlat manfaatlariga jami 34,6 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Avvalroq Sirdaryoda ikkita gaz zapravka 6,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani aniqlangandi. Sentabr oyida Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 2 ta “zapravka” 2,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagani ma’lum bo‘ldi.