“OpenAI” “ChatGPT"ning maxsus versiyalari bilan “GPT Store” savdo platformasini 2024-yilda ishga tushirishi mumkin. Bu haqda “vc.ru” nashri xabar berdi.
2023-yil noyabr oyi boshida “OpenAI” chat-botning moslashtirilgan versiyalarini yaratish imkoniyatini e’lon qildi va ishlab chiquvchilar ularni joylashtirishi mumkin bo‘lgan bozor ishga tushirilishini e’lon qildi.
Kompaniya eng ko‘p talab qilinadigan mahsulotlar uchun daromadning bir qismini to‘lamoqchi edi, ammo o‘sha paytda tafsilotlarni oshkor qilmagan.
Rasmiy ravishda platforma noyabrda ishga tushishi kerak edi, biroq u 2024-yil boshiga qoldirildi, deb yozadi “Axios”, “The Verge” va “TechCrunch” dasturchilarga yo‘llagan xatiga tayanib.
“Biz shu oyda GPT do‘konini ishga tushirishni rejalashtirgan edik, biroq bir qancha kutilmagan hodisalar ro‘y berdi”, deyiladi xabarda.
Hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri havolalar yordamida bot versiyalarini baham ko‘rish mumkin.
2023-yil 18-noyabrda “OpenAI” direktorlar kengashi bosh direktor Sem Altmanni ishdan bo‘shatishini va direktorlar kengashidan iste’foga chiqqanini e’lon qildi.
Dastlab texnik direktor Mira Murati bu lavozimga, keyin esa Twitch asoschisi Emmet Shear tayinlandi.
Kompaniya ishdan bo‘shatish sababi sifatida Altmanning ochiq emasligini ko‘rsatdi. Altmandan keyin hammuassis Greg Brokman va bir qancha katta tadqiqotchilar kompaniyani tark etishdi.
Ular birgalikda “Microsoft” tadqiqot guruhiga qo‘shilishdi. Investorlar va xodimlar ta’sischilarni “OpenAI"ga qaytarish va kengashni tarqatib yuborishga chaqirishdi.
Tegishli talablar yozilgan xat kompaniyaning taxminan 770 nafar xodimidan 700 nafari tomonidan imzolangan.
22-noyabr kuni “OpenAI” Altman bosh direktor lavozimiga qaytishini e’lon qildi. U bilan birga Brokman yana ishlay boshladi.
Kengash tarqatib yuborildi va uning o‘rniga vaqtinchalik kengash yig‘ildi — u doimiy boshqaruv organini tashkil qilishi kerak.
30-noyabr kuni “The Verge” nashri “Microsoft"ga ovoz huquqiga ega bo‘lmagan kuzatuvchi"o‘rni berilishi haqida xabar berdi.