Noyabr oyida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi issiq suv ta’minoti va issiqlik energiyasi uchun tariflarni yangilashga qaratilgan tegishli qarorni qabul qilgandi.
Undan keyin, yangi narxlarni tasdiqlash bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi tegishli qaror loyihasini e’lon qildi.
1-dekabr kuni poytaxt hokimligining “Veolia Energy Tashkent” tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan yangi tariflarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, mazkur korxona tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlarining tartibga solinadigan bazaviy tarifi gigakaloriyasi uchun 664 465 so‘m etib belgilandi.
Aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlarining chakana savdo tarifi avvalgi darajada o‘zgarishsiz qoldi — bir Gkal uchun 91 960 so‘m.
Shuningdek, budjet tashkilotlari uchun 1 Gkalning yangi narxi 801 963 so‘mni, yuridik shaxslar uchun esa 212 606 so‘mni tashkil etadi.
Bunda budjet tashkilotlari va yuridik shaxslar uchun tariflar QQSsiz hisoblangan. Tasdiqlangan yangi tariflar 1-dekabrdan amal qiladi.
Qayd etilishcha, markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida investitsion xarajatlar tarif strukturasidan alohida hisobga olingan.
Iste’molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kv.metr isitiladigan maydon hisobiga to‘lash tizimiga o‘tkaziladi.
Isitish tariflarining oldingi o‘zgarishi 2022-yilning oktabrida amalga oshirilib, faqat budjet tashkilotlariga ta’sir qilgandi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun tarifni bazaviy tarifga, aholi uchun esa 119 548 so‘mga bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.
“Veolia” va poytaxt hokimligi o‘rtasida 2021-yilda isitish tizimini boshqarish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Fransiya kompaniyasining sho‘ba korxonasi 30 yil davomida DXSh asosida issiqlik tarmog‘ini boshqaradi va sof foydaning 10%iga infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qiladi.