Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital-qayta tiklash loyihasiga qo‘shimcha ravishda qariyb $35 mln yo‘naltiriladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihaning umumiy qiymati $70,7 mlnni tashkil etib, o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra $34,6 mlni iqtisod qilingan. Shundan $19,82 mlni Saudiya taraqqiyot jamg‘armasining qarz mablag‘lari hamda 14,78 mlni Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari hisoblanadi.

Loyiha doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar qo‘shimcha 9ta nasos agregatlarini modernizatsiya qilish, turli rusumdagi 7ta maxsus texnikalarni hamda 4ta zemsnaryadlarni xarid qilish yo‘naltiriladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi 2024-yilning 1-apreligacha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi tegishli qaror loyihasini hukumatga kiritishi belgilandi.

Bundan tashqari, bir qator vazirliklar hamda Qashqadaryo viloyati hokimligiga Qamashi va Koson tumanlaridagi nasos stansiyalariga biriktirilgan MK-2, Zafarobod va Qo‘ng‘irtog‘ kanallarining 26 km qismini betonlashtirish uchun 2024-yilda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, 2025-yildan esa qurilish ishlarini amalga oshirish topshirildi.

Avvalroq prezident Suv xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga, nasoslarni modernizatsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqishni topshirgandi. 95ta nasos stansiyasini yangilash, kelgusi yil boshida yana 118tasi bo‘yicha tender e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.