IT-Park Sirdaryo viloyati filialida “Digital academy” brendi ostida IT akademiya tashkil qilindi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, Raqamli texnologiyalar vazirligi Sirdaryo viloyati sho‘basi xodimlari va soha vakillari ishtirok etishdi.
IT akademiya Belorussiya va Turkiya davlati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, hozirda ushbu davlatlarga 3D animatsiya va videolar eksportini amalga oshiradi.
Shuningdek, akademiya joriy yil oxiriga qadar 400 nafar, kelgusi yilda 2000 nafar yoshlarni qamrab olishni rejalashtirgan.
Tadbir yakunida akademiya rahbariga “Coursera” platformasida 50 nafar o‘quvchilar hamda xodimlarning pullik kurslarda bepul ta’lim olishi uchun vaucher topshirildi.
Avvalroq “Spot” Sirdaryoda IT Voice yangi BPO-markazi ish boshlagani haqida yozgandi.
Ta’kidlanishocha, yangi “IT Voice” markazi o‘z oldiga bir nechta asosiy maqsadlarni qo‘ygan bo‘lib, Sirdaryodan AQShga IT va logistika xizmatlarini eksport qilish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, IT-xizmatlar eksporti hajmini oshirish va viloyat yoshlarini ish bilan ta’minlash shular jumlasidandir.
Ayni paytda markazda 30 nafar yosh mutaxassis ish bilan ta’minlangan bo‘lib, yaqin kelajakda ularning sonini 60 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.