Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatining ikkita tumanida turistik majmua barpo etish bo‘yicha tegishli qarorni imzoladi.

Hujjat bilan, Shahrisabz tumanida umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan “Shahrisabz” turistik markazini tashkil etish belgilanmoqda. Markaz o‘z ichiga xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmalarini, mehmonxonalar, mehmon uylari, sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar nuqtalarni qamrab oladi.

Ikkinchi majmua — “Maydanak baland tog‘” turistik markazi Qamashi tumanidagi umumiy maydoni 58,6 gektar bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasida tashkil etiladi.

Markazda mehmonxona, sog‘lomlashtirish sanatoriysi, umumiy ovqatlanish obyektlari, dor yo‘llari, tog‘-chang‘i kompleksi va boshqa turistik nuqtalarni tashkil etish belgilangan.

Mazkur turistik markazlarini rivojlantirish va boshqarish uchun davlat muassasasi shaklida viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamentini tashkil etish va uni Shahrisabz tumanida joylashtirish belgilanmoqda.

Master-reja, bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalariga muvofiq tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan bo‘sh yer uchastkalari mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida elektron onlayn auksion orqali realizatsiya qilinadi.

Bo‘sh yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali turistik markazlarning master-reja, bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarida nazarda tutilgan obyektlarni barpo etish sharti bilan lotlarga bo‘lingan holda realizatsiya qilinadi.

Markazlar ichidagi lotlar ham tayyor biznes shaklida sotilishi mumkin. Qarorda investitsiya kompaniyalari tomonidan mehmonxonalar, kanat yo‘llari, tog‘-chang‘i majmuasi va boshqa obyektlarni keyinchalik sotish maqsadida qurish ko‘zda tutilgan.

“O‘zmilliybank”, “Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Turonbank” orqali jami $50 mlngacha xorijiy valyutadagi kredit mablag‘lari yillik 5% stavkada ajratiladi. Bunda kreditlar 3 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Kitob tumanining “Qaynar” MFY hududida 2025-yilning 1-sentabrigacha barcha sharoitlarga ega sanatoriy barpo etiladi. Buning uchun 16 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydoni $15 mln ekvivalentida investitsiya kiritish va 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan auksion savdolariga chiqariladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qamashi tumani va Qarshi shahrida Shahrisabz tumanining master-rejasi asosida loyihalarni ishga tushirishni topshirgandi.

Bundan tashqari, Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. 1-yanvardan Shahrisabz aeroportiga yangi ATR samolyoti parvozlari amalga oshirilib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytiriladi.