OTMlarda to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati.
Unga ko‘ra, 2023−2024 o‘quv yilida 1-kursga hamda o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan talabalar kontrakt to‘lovlarini 25-dekabrgacha amalga oshirishlari mumkin.
Bunda mazkur muddat OTMlarning bakalavriat va magistraturasiga kontrakt, super-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlar, o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar uchun amal qiladi.
Qayd etilishicha, Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan, ko‘pchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari hamda OTM rahbarlarining murojaatlaridan kelib chiqib, mazkur muddat uzaytirilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalarning kontraktni to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Joriy o‘quv yilida davlat OTMlarining barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmadi. Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari ham o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoldi.
Avvalroq, 2023−2024 o‘quv yilida 1-kursga tavsiya etilgan talabalar uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddati 15-oktabrgacha belgilangandi.