Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) O‘zbekistonda “yashil” sanoatlashtirishni rivojlantirishga 9 mln yevro grand mablag‘lari yo‘naltiradi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
3-dekabr kuni Dubayda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi 28-sessiyasi (COP28) doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi GIZ Markaziy Osiyo mintaqaviy dasturlar klasteri koordinatori Torsten Brezina bilan uchrashdi. Tomonlar joriy loyihalar holati hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashni muhokama qildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish loyihasi va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuvlar muhokama qilindi. Xususan, sanoat tarmoqlari hamda ularni keyinchalik “yashil"ga o‘tkazish uchun obyektlarni aniqlash taklif etilmoqda.
Ushbu loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, “yashil” sanoatlashtirish va “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha davlat va xususiy sektor salohiyatini kuchaytirish imkonini beradi.
Taklif etilayotgan loyiha intensiv salohiyatni oshirish, ish joyida o‘qitish, xalqaro aloqalar va bilimlarni uzatish orqali barqaror “yashil” iqtisodiyot va sanoat siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.
Loyiha issiqxona gazlarini o‘lchash va sertifikatlash bo‘yicha ekspert bilimlarini taqdim etadi, O‘zbekistonning CO2 sertifikatlari bilan xalqaro savdoda ishtirok etishini va Yevropa ittifoqining Transchegaraviy tartibga solish mexanizmiga moslashishini yaxshilaydi.
Shuningdek, xususiy sektor resurslarni tejaydigan, barqaror ishlab chiqarish uchun “yashil” texnologiyalarni moslashtirishda, masalan, aylanma iqtisodiyot va “yashil” sanoat parklari modellari doirasida qo‘llab-quvvatlanadi.
Loyiha doirasida iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga juda moyil bo‘lgan hududlar hamda tarmoqlarni tanlash kutilmoqda. GIZ hamda vazirlik o‘rtasida qiymati 9 mln yevrolik grand mablag‘larini ajratish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Mablag‘lar “O‘zbekistonda „yashil“ sanoatlashtirish bo‘yicha xususiy sektorni va iqtisodiy siyosatlar bo‘yicha maslahatlar” loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Buyuk Britaniyaning “Kalo Holdings” kompaniyasi O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirishga qaratilgan loyihalarga sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.