Buyuk Britaniyaning “Kalo Holdings” kompaniyasi O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirishga qaratilgan loyihalarga sarmoya kiritish istagida. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Gap savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari hamda mehmonxonalar qurishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar haqida ketmoqda.

Bundan tashqari, kompaniya rejalarida yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda 60 kVt va undan yuqori quvvatli elektromobillarni quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘lgan stansiyalarni qurish loyihalari ham bor.

Kompaniya vakillari O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov bilan o‘tgan muzokaralarda sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan mazkur loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Avvalroq Xitoyning “Ruisu” kompaniyasi Farg‘onada elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.