Shveysariyaning “Rieter” biznes guruhi 1-dekabr kuni Toshkentda birinchi texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasini ochdi, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, servis markazi mahalliy to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilariga ta’mirlash xizmatlari taqdim etib, yordam beradi. Xizmat ko‘rsatish stansiyasi “Rieter” mashinalarining barcha turlarini, shu jumladan yigiruv va o‘rash mashinalarini mexanik va elektron ta’mirlash xizmatlarini qamrab oladi.

“O‘zbekistondagi yangi ta’mirlash stansiyasi bilan biz yigiruv va o‘rash mashinalari uchun eng qisqa vaqt ichida eng yuqori sifatli ta’mirlashni ta’minlash orqali mijozlarimiz uchun barqaror va foydali qiymat yaratmoqdamiz”, — dedi “Rieter Business Group” kompaniyasining sotishdan keyingi bo‘lim rahbari Riko Randegger.

Ta’mirlash stansiyasida shuningdek, ba’zi qismlar, jumladan boshqaruv bloklari, sensorlar va aktuatorlar saqlanadigan ombor mavjud. “Rieter” texnik xizmatlar ko‘rsatish uchun mahalliy “Textile Service Solutions” bilan hamkorlik qiladi.

Rieter” — Shveysariyada joylashgan to‘qimachilik mashinalari ishlab chiqaruvchisi. Kompaniyaning global ta’mirlash xizmatlari tarmog‘iga 19ta mamlakatdagi 25ta ta’mirlash stansiyalari kiradi.

Avvalroq Germaniyaning “Textima Export Import” kompaniyasi Namanganda vakolatxonasini ochishi haqida xabar berilgandi.