BAAning “Tadweer” kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va iqlim ta’sirini yumshatishga ko‘maklashadi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dubayda o‘tkazilgan COP28 forumi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Tadweer” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Hujjat bilan qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda innovatsion va ekologik toza texnologiyalar hamda xizmatlarni joriy etish va barqarorlikni oshirish belgilanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodi ishga tushirilishi ham rejalashtirilgan.
“O‘zaro hamkorlikda chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish, saralash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish, chiqindi gazini yig‘ish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni boshqarish tizimini takomillashtirish kabi vazifalarni maqsad qilganmiz”, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Loyiha Navoiy, Buxoro viloyatlari va Farg‘ona vodiysiga qaratilgan texnik-iqtisodiy asoslashdan boshlanib, har bir hududda chiqindilarni yo‘q qilish amaliyoti o‘rganiladi.
“Tadweer” kompaniyasining boshqaruvchi direktori va bosh direktori Ali Al Dhaherining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodining ishga tushirilishi qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida “inqilob yasab”, iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga hissa qo‘shadi.
“Eng ilg‘or texnologiyalar va chiqindilarni energiyaga aylantirish bo‘yicha strategik tashabbuslar orqali atrof-muhitni muhofaza qilishda yangi mezonlarni belgilashga tayyormiz”, — dedi u.
Hamkorlik doirasida maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni boshqarish tizimi ishlab chiqiladi. Elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga poligon gazini qazib olish belgilanmoqda.
Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni ishlab chiqaruvchi korxonalarda chiqindilarni saralash liniyalarini o‘rnatish, plastmassa, qog‘oz, shisha va alyuminiy kabi ikkilamchi xomashyoni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Dubayga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida biznes vakillari bilan uchrashgandi. Mamlakatning “E20 Investment Limited” kompaniyasi Andijonda rezavor mevalar klasterini tashkil qiladi.